Milliy maqom san’atini targ‘ib etayotgan qiz
Jasmina Sheraliyeva – ovozi betakror yosh xonanda. U 2007 yilda Shahrisabzda tug‘ilgan. Dastlab umumta’lim maktabida, keyinchalik Qarshidagi ixtisoslashgan san’at maktabida tahsil oldi. Hozirda Guliston davlat universiteti san’atshunoslik fakultetining 1-bosqich talabasi.
Jasmina mamlakatimizda bo‘lib o‘tgan bir qator musiqiy tanlovlarda, festivallarda muvaffaqiyatli qatnashib, sovrinli o‘rinlarga sazovor bo‘lgan. Izlanishlari, iste’dodi sababli u 2025 yilda Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga munosib topildi.
Yosh ijrochining kuylashini tinglarkanman, xayolimdan faqat bir fikr o‘tdi. Yillar osha bu sehrli ovoz sohibasi o‘zligini, milliyligini, samimiyatini va beg‘uborligini hozirgidek saqlab qolsin! Zulfiyaxonimning san’at yo‘nalishidagi bu izdoshiga bir necha savollar bilan yuzlandik:
–Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti eng munosiblarga topshiriladi. Sizning ushbu mukofotga munosib ko‘rilishingizga asosiy sabab nimada, deb bilasiz?
– Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga munosib ko‘rishganining asosiy sababi — yosh bo‘lishimga qaramay, maqom san’ati yo‘nalishida faol ijod qilishim va milliy madaniyatimizni asrash hamda rivojlantirishga o‘z hissamni qo‘shayotganimda bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman. 17 yoshda bo‘lsam-da, an’anaviy maqom san’atini chuqur o‘rganib, uni tinglovchilarga, ayniqsa, yosh avlodga yetkazishga intilyapman. Inson mehnatsevar, intiluvchan, izlanuvchan, faol, o‘zi tanlagan sohaga sadoqatli bo‘lsa, mashaqqatlardan cho‘chimasa, yutuqlarga erisharkan. Ayni fazilatlarim ushbu mukofotga munosib ko‘rishlarining asosiy sabablari bo‘ldi, deb hisoblayman.
– San’at olamiga kirib kelishingizga nima turtki bo‘lgan?
– Bu yo‘lda eng katta turtki oilam va ota-onamning qo‘llab-quvvatlashi bo‘lgan. Oilamizda 3 nafar qizmiz. Otam har doim maqom san’atiga qiziqishimni va shu yo‘nalishda ijod qilishimni chin dildan istaganlar. Birinchi ustozim ham aynan otam bo‘lganlar — ular menga san’atga muhabbatni, sabr va fidoyilikni o‘rgatganlar. Keyinchalik esa maqom san’atining darg‘alaridan biri, O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq artisti Munojat Yo‘lchiyeva huzurlarida tahsil olib, bu yo‘ldagi bilim va mahoratimni yanada chuqurlashtirdim. San’atga bo‘lgan qiziqishim va muhabbatim ham ota-onamning duolari, ham ustozlarimning beqiyos mehnatlari tufayli mustahkamlandi.
– Bugun yaxshi qo‘shiqlar bilan muxlislarning ko‘nglini olish oson emas. Boshqa yo‘nalishni tanlashingiz ham mumkinmidi?
– Darhaqiqat, bugun yaxshi qo‘shiqlar bilan muxlislar mehrini qozonish oson emas, albatta. Boshqa yo‘nalishni tanlashim ham mumkin edi. Yoshligimda sport, ayniqsa, karatega juda qiziqqanman. Maqom yo‘nalishida ijod qilmaganimda, shubhasiz, karate bilan jiddiy shug‘ullangan va bu sohada o‘z o‘rnimni topgan bo‘lardim. Ammo san’atga bo‘lgan cheksiz muhabbat meni maqom olamiga yetakladi va bugun shu yo‘lda faoliyat yuritayotganimdan juda faxrlanaman.
– Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti yosh ijrochi sifatida sizga nimalar berdi?
– Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti yosh ijrochi sifatida menga juda katta imkoniyatlar va yangi ufqlarni ochib berdi. Bu mukofot nafaqat ijodimga bo‘lgan ishonchni mustahkamladi, balki mas’uliyatimni ham oshirdi. Mukofotga munosib topilganimdan so‘ng, Navro‘z bayrami tantanalarida ustozim, O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq artisti Munojat Yo‘lchiyeva bilan birgalikda Prezidentimiz huzurida qo‘shiq kuylash baxtiga muyassar bo‘ldim! Bu hayotimdagi unutilmas va yorqin, g‘oyat hayajonli voqelik edi! Bu mukofot mening san’atdagi ishonchli qadamlarimni yanada mustahkamladi va kelajakdagi faoliyatim uchun katta ilhom manbai bo‘ldi.
–Ijodiy izlanish va barkamollik sizga doim hamroh bo‘lsin!
O‘zA muxbiri
Nazokat Usmonova suhbatlashdi.