Milliy madaniyat va san’at ravnaq topmoqda
Madaniyat va san’at rivoji davlatimiz rahbarining doimiy e’tiborida ekani O‘zbekiston Kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi faoliyatida ham o‘zining yaqqol ifodasini topmoqda.
Madaniyat va san’at rivoji davlatimiz rahbarining doimiy e’tiborida ekani O‘zbekiston Kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi faoliyatida ham o‘zining yaqqol ifodasini topmoqda. Bu haqda mazkur ijodiy uyushma raisi, bastakor Rustam ABDULLAEV O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi:
– O‘tgan uch yil mobaynida uyushma faoliyatidagi barcha yutuqlar va ezgu ishlarning amaliy natijasi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan san’at va madaniyatni rivojlantirishga yo‘naltirilgan harakatlar samarasidir.
Yangi qiyofaga ega bo‘lgan, kapital ta’mirlangan va rekonstruksiya qilingan uyushmamiz mamlakatimizda faxrlansa arziydigan jamoat tashkilotlari qatoridan o‘rin oldi. Davlatimiz rahbarining uyushma faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorini amalga tatbiq etish, yaratilayotgan sharoitlar, ijodkorlarga qaratilayotgan e’tibor va e’tiroflarga munosib javob tariqasida qisqa vaqt mobaynida ko‘plab tadbirlar o‘tkazildi. Uyushma a’zolarini qo‘llab-quvvatlash, ularga har tomonlama yordam ko‘rsatish yo‘lida qator samarali ishlar olib borildi. Mana shunday sa’y-harakatlarni amalga oshirishda Ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash “Ilhom” jamoat fondining ham hissasi kattadir.
Yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusning birinchisi –navqiron avlodni bolalikdan musiqaga oshno etish maqsadida uyushmamiz tomonidan “yo‘l xaritasi“ ishlab chiqildi. Unda belgilangan vazifalar bo‘yicha aniq va maqsadli faoliyat olib borilmoqda. Xususan, taniqli san’at arboblari hamda yosh iste’dodli kompozitorlar, bastakorlar va musiqashunoslar viloyatlardagi musiqa va san’at maktablari, ixtisoslashtirilgan san’at maktablariga ijodiy maslahatchi etib biriktirildi, o‘quv muassasalarida ijodiy uchrashuvlar va mahorat darslarini o‘tkazish, targ‘ibot-tashviqot ishlari keng yo‘lga qo‘yildi.
Uyushma a’zolari tavallud sanalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan mualliflik konsertlari va xotira kechalari musiqa san’atining turli janrlarni qamrab olganligi bilan diqqatga sazovor. Musiqa darg‘alari Fattoh Nazarov, Mirsodiq Tojiev tavallud sanasiga bag‘ishlangan xotira kechalari, Feliks Yanov-Yanovskiy tug‘ilganining 85 yilligi, Shermat Yormatov tavalludining 80 yilligi, Muhammad Otajonov va Igor Pinxasovning 60 yoshiga bag‘ishlangan mualliflik konsertlari musiqa jamoatchiligi tomonidan yuqori baholandi.
Xalqaro aloqalarni mustahkamlash yo‘lida uyushma a’zolari chet davlatlarda o‘tkazilgan xalqaro musiqa festivallarida o‘z asarlari bilan ishtirok etdilar. Xususan, Jahongir Shukurov Turkiyada, Xurshida Hasanova Qozog‘istondagi xalqaro zamonaviy musiqa festivalida, Habibulla Rahimov Tataristonda o‘tkazilgan “Yevropa-Osiyo” xalqaro zamonaviy musiqa festivalida qatnashdi. Nurali Erkaev hamda Oydin Abdullaevalar Ozarbayjonda o‘tgan do‘stlik konsertida o‘z asarlari bilan ishtirok etdi. Shuningdek, D.Saydaminova, R.Abdullaev, F.Yanov-Yanovskiy, D.Yanov-Yanovskiy, J.Shukurov va boshqa kompozitorlarning asarlari chet davlatlardagi konsertlarda muvaffaqiyatli yangradi.
Yosh kompozitorlarning birinchi xalqaro festivali, yurtimizning turli hududlarida kompozitorlarning musiqa ixlosmandlari bilan uchrashuvlari, mualliflik konsertlari, Yosh kompozitorlarning xalq cholg‘ulari orkestri hamda Simfonik asarlaridan tuzilgan konsertlar muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Kompozitorlar va bastakorlarni faol ijodiy jarayonga jalb etish, ularning ijodini jamoatchilik e’tiboriga havola etish va rag‘batlantirish maqsadida Orkestrlar uchun yozilgan kichik janrdagi asarlar respublika tanlovi, talaba bastakorlarning eng yaxshi vokal asar uchun tanlovi, damli cholg‘ular orkestri uchun yozilgan marshlar va kichik janrdagi yangi asarlar Respublika tanlovi, bolalar qo‘shiqlari respublika tanlov-festivali ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi.
“Mardlar qo‘riqlaydi Vatanni” harbiy qo‘shiqlar respublika tanlovi, bastakorlar, kompozitorlar va musiqashunoslarning maqom asosida yaratilgan asarlari respublika tanlovlari musiqa ixlosmandlarida katta taassurot qoldirdi.
Ijodiy uyushmalarning hamkorligini kengaytirishga oid Badiiy akademiya, Yozuvchilar, Jurnalistlar hamda Teatr arboblari uyushmalari bilan hamkorlikda “Do‘stlar klubi”ning “So‘z, ohang va tasvir” ijodiy kechalari turkum tadbirlari tashkil etildi. Uning mantiqiy davomi sifatida yosh ijodkorlar bilan samarali ish olib borish maqsadida “Shu yurt farzandlarimiz” shiori ostida yosh kompozitorlar, rassomlar, shoirlar va aktyorlarning uchrashuv-debatlari o‘tkazildi.
“Davr sadolari” respublika musiqa festivali ham uyushmaning yirik tadbirlaridandir. Uning doirasida ko‘plab ijodiy kechalar, xotira tadbirlari, ijodiy uchrashuvlar va mahorat darslari, konsertlar, tanlovlar, ilmiy-amaliy konferensiyalar, uyushmamiz viloyat bo‘limlarining hisobot konsertlari, sahna asarlarining taqdimoti o‘tkazilgani bugun kompozitorlik va bastakorlik ijodiyotining yangi bosqichlarga ko‘tarilganligidan dalolat beradi.
Ustoz kompozitorlar ishtirokida “Musiqa bilan uchrashuv” turkumi doirasida o‘tmish va zamondosh kompozitorlar ijodi keng o‘rganilmoqda, yetuk san’at arboblari bilan uchrashuvlar tashkil etilmoqda. “Musiqashunoslar bilan uchrashuv” turkumi esa musiqashunos olimlarning faoliyatini targ‘ib qilish va ilmiy izlanishlarini yoshlarga ochib berishga qaratilgan.
Joriy yil mobaynida turli janrlarda samarali ijod qilish qatorida bir qator sahna asarlarining ham taqdimotlari va premeralari bo‘lib o‘tdi. Jumladan, Mustafo Bafoevning “To‘maris” musiqali dramasi, Sarvar Yusupovning “Ayyorgina ayollar” musiqali komediyasi, Najimaddin Muhameddinovning “Gulayim” operasi, Jamil Charshemov musiqasini bastalagan “Anvar va Ra’no” spektakli,Mirxalil Mahmudovning “Kumush” operasi, Anvar Ergashevning “Zolushka” myuzikli sahna yuzini ko‘rdi. Sarvar Yusupovning “Xazon bo‘lgan muhabbat” musiqali dramasining taqdimoti esa yaqindagina bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi O‘zbekiston ijodkorlarini qo‘llab-quvvatlash “Ilhom” jamoat fondi ko‘magida ko‘plab musiqiy adabiyotlarni nashr etdi. Sohada uzoq yillar samarali mehnat qilayotgan bir guruh ijodkorlar Vatanimizning yuksak orden va medallari bilan taqdirlandilar.Xususan, Shermat Yormatov, Abduhoshim Ismoilov va uyushmaning Namangan viloyat bo‘limi raisi Nortoji Yusupova “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan, Soibjon Begmatov “Mehnat shuhrati” ordeni bilan, Shuxrat Zokirov “Shuhrat” medali bilan, Feliks Yanov-Yanovskiy “Madaniyat va san’at fidokori“ ko‘krak nishoni bilan taqdirlandilar, Natalya Yanov-Yanovskaya, Jahongir Shukurov va Bahodir Allaniyazov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan rag‘batlantirildilar.
Joriy 2020 yilda ham ko‘plab ijodiy rejalarni hayotga tatbiq etishni ko‘zlayapmiz. O‘zbekiston kompozitorlarining simfonik asarlari antologiyasi yaratiladi. Yirik tadbirlarimiz orasida navbatdagi VI Xalqaro simfonik musiqa festivalini alohida aytish joiz. Shuningdek, har chorakda hududlarda “Bastakorlar festivallari”ni o‘tkazish, respublika miqyosidagi ko‘plab ijodiy tanlovlar, xotira konsertlari, ijodiy kechalar, “Do‘stlar klubi”ning “So‘z, ohang va tasvir” turkum tadbirlari, “Shu yurt farzandlarimiz” va “Ijodiy barkamollikka intilish” turkumlari doirasida yosh kompozitorlar, bastakorlar va musiqashunoslarning uchrashuv-debatlari, “Musiqa bilan uchrashuv”, “Musiqashunoslar bilan uchrashuv” turkum uchrashuvlarini o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
Hukumatimiz tomonidan o‘tkaziladigan tadbirlarga, xususan Navro‘z umumxalq bayramiga kompozitorlarimiz katta tayyorgarlik ko‘rmoqdalar. Uyushma a’zolarini chet davlatlarda o‘tkaziladigan xalqaro tanlovlar va festivallarda qatnashishlari uchun ijodiy safarga yuborish, ijodiy tashkilotlar tomonidan o‘tkaziladigan ijodiy kechalar, tanlov va festivallarda, forumlar va konferensiyalarda, yangi asarlar taqdimotlarida muntazam qatnashish kabi ko‘plab rejalarni belgilab olganmiz.
Davlatimiz rahbarining 2017 yil 3 avgust kuni mamlakatimiz ijodkor ziyolilari bilan o‘tkazgan uchrashuvi tegishli barcha vazirlik va idoralar, ijodiy tuzilmalar kabi bizning uyushmamiz faoliyatiga ham yangicha muhit, yangicha yondashuv, ijod zavqi bilan birga barchamizga katta mas’uliyat bag‘ishladi. Bularning bari mamlakatimizda san’at, madaniyat, ma’naviyat va ma’rifat doimiy e’tiborda ekanining yana bir amaliy ifodasidir.