Milliy kutubxonadan qanday foydalanish kerak? (+video)
Ijtimoiy tarmoqlarda poytaxtimizdagi Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxonaga kirishda kitobxonlarga bir qancha cheklovlar qo‘yilgani haqida tanqidiy fikrlar bildirildi.
Mazkur kutubxonaga kitobxonlar o‘zlari bilan yeguliklar, hattoki suv ham olib kirishi mumkin emasligi, ochiq-sochiq liboslarda kutubxonaga kirish bo‘yicha cheklovlar haqidagi izohlar ko‘pchilikda e’tiroz o‘yg‘otdi.
O‘zA ijodkorlari mavzu yuzasidan reportaj tayyorladi.
Xo‘sh, aslida kutubxonadan foydalanish madaniyatini bilamizmi? Ijtimoiy tarmoqlarda bu kabi e’tirozlar tarqalishiga sabab nimada?
— Butun dunyo bo‘yicha kutubxonalarda ichki tartib-qoida bor, — deydi Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona direktor o‘rinbosari Nasiba Xoldorova. — Biz ham aynan o‘sha qoidalarga amal qilgan xolda Milliy kutubxonaning ichki tartiblarini ishlab chiqqanmiz. Ichki tartib-qoida deganimizda biz, albatta kutubxonadagi kitoblardan qanday foydalanish, kitob o‘qish madaniyati va qaysi toifadagi o‘quvchilar bu yerga qabul qilinishi bo‘yicha batafsil tushuntirganmiz. Yoshlar bularni kamchilik deb bilishyapti. Bu kamchilik emas, vaholanki Milliy kutubxona O‘zbekistondagi eng yirik kutubxona bo‘lgani uchun umummilliy axborot resurslarni jamlovchi maskan. Bu axborot resurslarni kelajak avlodga bus-butunligicha yetkazish bizning vazifamiz.
Kutubxonamizda 153 yillik yig‘majild gazetalarimiz bor. Kitob yoki gazeta varaqlaridagi o‘ziga kerakli joyini qirqib ketadigan kitobxonlarimiz ham bor. Bir kunda kutubxonaga kiradigan 1 ming 500 foydalanuvchining hammasini nazorat qilishning imkoni yo‘q.
— Suv yoki yegulik olib kirish mumkin emas, degan fikrlarga qanday izoh berasiz?
— Oddiy gazlanmagan suvlarni olib kirishlari mumkin. Ammo gazli, rangli suv olib kirilishiga ruxsat berilmaydi. Sababi gazli, rangli suvlarni ochganda kitobga to‘kilib, uning sifatini buzishi mumkin.
Kutubxona ma’rifat maskani, aslo ovqatlanadigan maskan emas. O‘qish zallariga yegulik olib kirishga ruxsat berilmaydi. Chunki non ushog‘i yoki ovqat qoldiqlari tushgan joyda kemiruvchilar, ya’ni kitobga ziyon yetkazuvchi hasharotlar ko‘payishni boshlaydi. Kutubxonamizda ovqatlanish uchun alohida oshxona bor, o‘sha joyda taomlanishga ruxsat beriladi.
— Yegulikku mayli, nima uchun liboslarga ham cheklovlar belgilangan?
— Milliy kutubxonada yiliga bir marotaba foydalanuvchilarning takliflari, fikr-mulohazalarini eshitish an’anaga aylangan. Kalta, ochiq-sochiq kiyimlar kiyishga foydalanuvchilar tomonidan e’tirozlar bo‘lgani uchun ma’naviyat maskanida kiyim-boshga ham alohida e’tibor qaratib, tartib-qoida kiritganmiz.
Yevropada kutubxonaga baxtli insonlar kiradi, degan qarash mavjud. Mulohazalarimizni xorijdagi kutubxonalarda o‘rnatilgan tartib-intizomlar xususidagi fikrlar bilan davom ettirsak.
Bu borada xorijdagi kutubxonalardan doimiy ravishda foydalanuvchi O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti professori Gulnoz Xalliyevaning fikrlariga qiziqdik.
— Xo‘sh, xorijdagi kutubxonalardan kitobxonlar foydalanishlari uchun qanday tartib o‘rnatilgan?
— Har bir kutubxonaning o‘z qonun-qoidasi, foydalanish tartibi bor. Jumladan, men kuzatgan Yevropa kutubxonalarida ham har joyda har xil tartib o‘rnatilgan. Masalan, Avstriya, Niderlandiya davlatidagi kutubxonalardan foydalanish pullik. Siz pul to‘laganingizdan so‘ng nomingizga karta ochiladi, so‘ng foydalanishingiz mumkin. Fransiya, Germaniya, Finlyandiya Lyuksemburgda kutubxonadan foydalanish bepul. U yerga pasportingiz bilan kirasiz va sizning nomingizga muddatli karta ochiladi. Ayrim joylarda karta ham ochilmaydi, pul ham to‘lanmaydi. Faqat login va parol beriladi va shunga qarab foydalanaverasiz.
—O‘quvchilardan eng avvalo qanday intizom talab etiladi?
— Men borgan joylarda, eng avvalo tinchlik talab etiladi. Ayniqsa, noyob kitoblar zaliga kirsangiz, jim-jit muhit yaratilgan. Mabodo ovozingiz ozgina balandroq chiqsa, kutubxona xodimi kelib ogohlantiradi. Har bir kutubxonaga kiraverishda kutubxonadan foydalanish qonun-qoidasi yozib qo‘yilgan. Kitobxonlar, albatta unga amal qilishi shart.
—Xorijdagi kutubxonalarga qaysi kasb egalari eng ko‘p tashrif buyuradi?
— Rossiya, Germaniya, Fransiya kutubxonalarida talabalar va o‘qituvchilardan tashqari yoshi 80 dan oshgan insonlarni ko‘rish mumkin. Kutubxona muhitida badiiy asar o‘qish ularga boshqacha zavq va shavq berishini aytishadi. Finlyandiya, Avstriya, Lyuksemburg, Shvetsiya, Shveysariyada asosan talabalar, o‘qituvchilar, tadqiqotchilarni uchratish mumkin.
— Xorij kutubxonalarida yegulik olib kirish yoki liboslar masalasida ham cheklovlar bormi?
— Bularga ko‘p bora e’tibor berganman. Ayniqsa, qo‘lyozmalar saqlanadigan xonalarga hatto oddiy suv ham olib kirish mumkin emas. Sababi suv tegib ularni zararlab qo‘yishlaridan qo‘rqishadi. Bu maxsus qonun-qoidalar bilan yozib qo‘yilgan.
Yegulik masalasida bulochka yoki fast-fud olib kirilishida ham cheklovlar qo‘yilgan. Ichkariga yegulik olib kirish mumkin emas. U yerda kiyinish masalasida cheklovlar yo‘q. Men 13 ta davlatning kutubxonalarida bo‘ldim. Birortasida kutubxonaga mos kiyinmagan insonlarni uchratmadim.
—Kitobxonlarga turli talablar qo‘yilishini qanday baholaysiz?
—Kutubxona madaniy maskan. U yerdagi tartib-qoidalarga amal qilishi, kimgadir xalaqit bermasligi shart.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/0a3HJDufhSA" title="Milliy kutubxonadan qanday foydalanish kerak?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Nigora Rahmonova, Abror Sodiqov(video), O‘zA