Milliy kino san’atiga baxshida umr
Milliy kino san’ati markazida atoqli kinorejissyor, o‘zbek kinosining asoschilaridan biri Nabi G‘aniyev tavalludining 120 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbir avvalida milliy kino san’atimiz darg‘asi Nabi G‘aniyev hayoti va ijodiga bag‘ishlangan fotoko‘rgazma tashkil etildi.
O‘zbekiston Kinematografiya agentligi bosh direktori, adabiyotshunos olim Shuhrat Rizayev, kinoshunos olima, san’atshunoslik fanlari doktori, professor, ustoz ijodkor Nigora Karimova milliy kino san’atimizning darg‘alari ijodini puxta o‘rganish, ularning ibratli faoliyatiga e’tibor qaratish bugungi kunda san’atimiz rivoji uchun g‘oyat muhim ekanini ta’kidladi.

Tantanali tadbirda ta’kidlanganidek, atoqli o‘zbek kinorejissyori, milliy kinorejissura maktabi asoschisi Nabi G‘aniyev dunyo miqyosida e’tirof etilgan ijodkor edi. Uning “Tohir va Zuhra”, “Nasriddinning sarguzashtlari” filmlari jahon kino san’ati durdonalari sifatida tan olinib, o‘zbek kino san’atining keyingi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan.
–Nabi G‘aniyev dastlab “Sharq yulduzi” deb nomlangan, keyinchalik esa “O‘zbekfilm” kinostudiyasida ishlagan paytlarida iste’dodli yoshlarni kino sohasiga jalb etish borasida katta ishlar olib bordi, – dedi taniqli kinoshunos olim Hamidulla Akbarov. – Nainki yurtimiz, balki Butunjahon kinematografiya san’ati merosi bo‘lgan “Tohir va Zuhra” filmi yangi ijodiy, badiiy, texnik uslublarning qo‘llanilgani, filmdagi barcha epizodlar va lavhalarning yuksak mahorat bilan ishlangani, ziddiyatli lavhalari mukammal yaratilgani, film boshdan yakuniga qadar milliylikka yo‘g‘rilgani bilan qadrli.
– Nabi G‘aniyev milliy musiqani juda qadrlar edi, – dedi taniqli hofiz Hasan Rajabiy. – Otam Yunus Rajabiy bilan Nabi aka juda ahil edilar. Kinorejissyor otam bilan bizning Chaqar mahalladagi xonadonimizda “Nasriddinning sarguzashtlari” kartinasining musiqasi bo‘yicha maslahatlashgan edilar. Bunday hamkorlik natijasida film uchun ajoyib qo‘shiqlar yuzaga keldi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Nabi G‘aniyev 1904 yil Toshkentda tug‘ilgan. Bolaligidan she’r mutolaasi, qo‘shiq kuylash, dutor chalish, rasm chizishni yaxshi ko‘rgan. U rassom bo‘lishni orzu qiladi va 1924 yil Moskvadagi ta’lim dargohiga o‘qishga hujjat topshiradi. Aynan shu yerda u ilk bor filmlarni ko‘radi va kino san’atiga umrbod maftun bo‘lib qoladi. 1925 yil Nabi G‘aniyev Toshkentga qaytadi va endigina tashkil etilgan “Sharq yulduzi” kinostudiyasida ishlashni boshlaydi.
Avvaliga u aktyor sifatida kinolarda qatnashadi. So‘ngra “Baxt quyoshi”, “So‘nggi bek” va boshqa kartinalarda rejissyorlarga assistentlik qiladi. Keyinroq mustaqil rejissyor sifatida “Yuksalish”, “Yigit”, “Biz g‘alaba qozonamiz”, “Jasur do‘stlar” filmlarini suratga oladi.
Kinematografiyachilarning milliy kadrlarni yaratish vazifasini anglab, u yangi san’at targ‘ibotchisi o‘rniga chiqadi va bor kuchi bilan studiyaga iqtidorli yoshlarni jalb qilishga harakat qiladi. O‘tgan asrning 30-yillaridagi mustabid tuzumning qatag‘on zulmi Nabi G‘aniyevning ham boshiga og‘ir kunlarni solgan edi. 1939 yilda u hibsdan ozod etiladi. Bu og‘ir sinovlar kino darg‘asining irodasini buka olmadi. 1947 yilning 5 mayida Shvetsiya gazetasi chop etgan maqolada “O‘zining “Tohir va Zuhra” filmi bilan Sharq to‘g‘risidagi bunday asl tasavvurni yaratishga qodir bo‘lgan iqtidorli o‘zbek kino rejissyori Nabi G‘aniyevning darajasiga Gollivud erisha olmadi” deb yuksak baho berilgan edi.

Nabi G‘aniyev "Tohir va Zuhra" filmi uchun Italiyada bo‘lib o‘tgan 19-Osiyo filmlari festivalida “Jahon kinosiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun” maxsus diplomiga munosib ko‘rilgan.
– Otam o‘zbek kinematografiyasini shakllantirish, rivojlantirishdek ulug‘vor maqsadlar bilan yashagan inson edilar, – dedi rejissyorning farzandi Charos Yusufbekova. – Otam juda oilaparvar inson edilar. Ha, biz kommunal uylarda, juda kamtarona hayot kechirganmiz. Lekin bu qiyinchiliklar milliy kino san’atini rivojlantirishdek katta va ezgu maqsad oldida hech gap emas edi. Nabi G‘aniyevda rassomlik, aktyorlik, rejissyorlik, ssenariynavislik iste’dodi mujassam edi. Otam Moskvaga o‘qishga borganlarida Abdulla Qodiriy bilan suhbatlashishga muyassar bo‘lganlar. Cho‘lpon bilan yaxshi tanish edilar. Otamning qat’iyatli shaxs ekani uning haqiqatparvarligi bilan izohlanadi. Shuning uchun ham ko‘pchilikka so‘zini o‘tkaza olar edi. Insonning umri necha yil yashagani bilan emas, nechog‘li mazmunli hayot kechirgani, umrini qanday ezgu maqsadlarga bag‘ishlay olgani bilan belgilanadi. Sulolamiz davomchilari aktyor Otabek G‘aniyev (marhum), taniqli jurnalist Shahnoza G‘aniyeva, xonanda Rayhon G‘aniyeva san’at yo‘lida otamning ishlarini davom ettirdilar.
Tantanali xotira kechasida Nabi G‘aniyev xotirasiga bag‘ishlangan film namoyish etildi. San’at ustalari ijrosidagi konsert dasturi kechaga yanada o‘zgacha fayz bag‘ishladi.

Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri