Milliy jurnalistika tarixidan so‘zlovchi ko‘rgazma
Madaniy meros agentligi tomonidan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy media assotsiatsiyasi hamkorligida O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasida 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan “O‘zbekiston milliy jurnalistikasi: tarixi va taraqqiyot bosqichlari” deb nomlangan ko‘rgazma tashkil etildi.
Madaniy meros agentligi direktori Bahodir Abdukarimov milliy media sohasini muttasil rivojlantirish Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning doimiy e’tiborida ekanini ta’kidladi.
Mazkur ko‘rgazmani tashkil etishdan asosiy maqsad mamlakatimizda milliy media sohasining tarixi va taraqqiyot bosqichlarini namoyish etish, bu sohaning madaniy jarayonlar bilan bevosita bog‘liq ekanini ko‘rsatib berishdan iborat edi.
Ko‘plab eksponatlar namoyish etilayotgan ushbu ko‘rgazma bosma ommaviy axborot vositalari tarixi va taraqqiyot bosqichlari, televizion jurnalistika (O‘zbekistonda ilk ishga tushgan televideniye va dasturlar tarixi bo‘yicha fotojamlanmalar), faxriy jurnalistlar fotoko‘rgazmasi (yurtimiz tarixidagi barcha jurnalistlarning fotojamlanmasi), tasvirga olish jarayonlari (tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan tasvirga olish uskunalari jamlanmalari), O‘rta Osiyoda birinchi o‘zbek tasvirchisi va fotosuratchisi Xudoybergan Devonovning ko‘chma ko‘rgazmasi (Xudoybergan Devonov faoliyati bilan bevosita bog‘liq ekspozitsiya)dan iboratdir.
[gallery-12522]
Ma’lumki, O‘zbekiston milliy jurnalistikasi tarixi 150 yillik tarixga ega. XIX asr oxiri va XX asr boshiga kelib, xalqimiz madaniy-ma’rifiy hayotida katta o‘zgarishlar sodir bo‘la boshladi. Vaqtli matbuotning rivojlana borishi millatning ma’rifatli vakillariga o‘z xalqi hayotini dunyodagi taraqqiy etayotgan xalqlar turmushi bilan solishtirish imkonini berdi.
Mazkur ko‘rgazmada o‘zbek tilida chop etilgan ilk bosma nashrlar, televideniye, radio, fotojurnalistika tarixidan so‘zlovchi qimmatli texnik ashyolar, arxiv materiallari, fotosuratlar bilan tanishish mumkin.
Mazkur ko‘rgazma shuningdek, mamlakatimizda televideniyening ish boshlashi, uning buguni, barcha turdagi ommaviy axborot vositalarining taraqqiyot yo‘li bilan batafsil tanishtirishda alohida ahamiyat kasb etadi.
Fotojurnalistika tarixiga qiziquvchilar uchun birinchi o‘zbek tasvirchisi va fotosuratchisi Xudoybergan Devonovning hayoti, ijod yo‘li, faoliyati, ishlaridan namunalarga oid qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘lishlari mumkin.
Umuman, mazkur ko‘rgazma milliy media sohamizning tarixi, taraqqiyot yo‘llari, bugungi kunidan so‘zlashi bilan ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Nazokat Usmonova, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA