Milliy gvardiya boshqarmasi yangi binoda ish boshladi
Sirdaryo viloyati Milliy gvardiya boshqarmasi qayta ta’mirdan chiqarilgan binoda ish boshladi.
Zamonaviy ko‘rinishda qad rostlagan binoda xodimlar uchun dam olish, sport mashg‘ulotlari, mashqlar maydoni, monitoring markazi, fuqarolarni qabul qilish xonalari mavjud.

Ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondoni, general-mayor Rustam Jo‘rayev, viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Anvar Karimov, sektor rahbarlari, sohaga aloqador tashkilotlar vakillari, tizim xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 30 yilligi va Vatan himoyachilari kuni bayrami arafasida foydalanishga topshirilayotgan bino tizimda faoliyat yuritayotganlar uchun munosib sovg‘a bo‘lgani qayd etildi. Shuningdek, Milliy gvardiyaning vatanparvar harbiy xizmatchi va xodimlari Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni tomonidan bildirilgan ishonchni to‘liq oqlagan holda, xalqimizning tinch-osoyishta hayotini himoya qilish yo‘lida “Burch, sadoqat, jasorat” shioriga munosib, sidqidildan xizmat qilishini ta’kidladi.

Tadbir davomida Milliy gvardiya xodimlarining bir guruhi namunali xizmatlari uchun ko‘krak nishoni, faxriy yorliq, tashakkurnoma hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Sh.Suyarov,F.Toshmatov (surat), O‘zA