Milliy armiya – tinchligimiz qalqoni
Qarshi shahrining markaziy ko‘chalari bo‘ylab O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 34 yilligi hamda 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali marsh bayram tadbirlarining eng yorqin sahnalariga aylandi.
“Milliy armiya – Ona yurt qalqoni, tinchligimiz posboni” shiori ostida tashkil etilgan mazkur paradda viloyatda faoliyat yuritayotgan kuch tuzilmalarining harbiy texnikalari ishtirok etib, ayniqsa, yoshlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Zamonaviy harbiy texnika kolonnalari, jangovar mashinalar va maxsus uskunalar shahar ko‘chalari bo‘ylab harakatlanar ekan, tomoshabinlar bu manzarani hayajon bilan kuzatdi. Ko‘plab yoshlar telefonlariga ushbu lahzalarni muhrlab, milliy armiyamiz qudratiga bo‘lgan iftixorini yashirmadi.
– Bugungi tadbir menda va tengdoshlarimda katta taassurot qoldirdi, – deydi Qarshi shahridagi Axborot texnologiyalari universiteti 1-bosqich talabasi Charos Nosirova. – Harbiy texnikalar paradi, qurol-yarog‘lar ko‘rgazmasi yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada kuchaytirdi. Bunday tadbirlar bizni kelajakka ishonch bilan qarashga undaydi.
Tadbirda harbiy xizmatchilar, keng jamoatchilik vakillari, faol yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. Shoh ko‘chalarda tashkil etilgan zamonaviy qurol-aslahalar ko‘rgazmasi harbiy sohaga qiziquvchi yoshlar bilan gavjum bo‘ldi.
[gallery-27102]
Sohibqiron Amir Temur va uning navkarlari qiyofasini gavdalantirgan teatr jamoasining chiqishlari, harbiy orkestr ijrosidagi mardonavor kuylar, estrada xonandalarining vatanparvarlik ruhidagi qo‘shiqlari bayramga yanada ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Shuningdek, tadbir doirasida viloyat musiqali drama teatrida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi ham tashkil etilib, unda yoshlarning taklif hamda tashabbuslari tinglandi. Bu esa bayram tadbirlarining mazmun-mohiyatini yanada boyitib, yoshlarning Vatanga sadoqat, milliy armiyaga hurmat tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qildi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari