Millatning yuksalishiga daxldor vosita
Har bir millatning o‘zligi, boqiyligi uning tarixi, o‘tmishi va albatta, o‘z tili mavjudligi bilan namoyon bo‘ladi.
Shu ma’noda til – millatning madaniy, ma’naviy boyligi, ruhi, xalqning madaniyati, urf-odati, uning turmush tarzi, tarixi, davlat timsolidir. Til – millat qiyofasining bir bo‘lagi hisoblanadi. Tilni asrash, rivojlantirish millatning yuksalishi bilan barobar.
1989 yil 21 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinganligi, o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgani xalqimizning milliy mustaqillikka erishish yo‘lidagi muhim qadamlaridan biri bo‘lgan edi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ham davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yildi va shu tariqa o‘zbek tili muqaddas davlat ramziga aylandi.
Istiqlol yillarida mamlakatimizda barcha sohalarda bo‘lgani kabi tilimiz taraqqiyotida ham muhim o‘zgarishlar yuz berdi. O‘zbek tilining xalqaro miqyosda obro‘si oshdi. “Davlat tili haqida”gi qonun ona tilimizning bor go‘zalligi va jozibasini to‘la namoyon etish bilan birga, uni ilmiy asosda rivojlantirish borasida ham keng imkoniyatlar yaratdi.
Olimlar va mutaxassislar tomonidan ilm-fan va turli sohalarga oid ensiklopediya va lug‘atlar, darslik va o‘quv qo‘llanmalari chop etildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida o‘zbek tilida nutq so‘zlagani tarixiy voqea sifatida o‘zbek tilimizning dunyo maydonidagi mavqeini yanada mustahkamlashga zamin yaratdi.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, bugungi kunda xorijiy davlatlardagi 65 ta oliy o‘quv yurtida o‘zbek tili va adabiyoti o‘rganilmoqda, ushbu sohada ilmiy izlanish va tadqiqotlar olib borayotgan chet ellik olimlar safi tobora kengaymoqda. Xorijiy mamlakatlarda ko‘plab olimlar va mutaxassislar, adabiyotshunoslarning o‘zbek tilini, boy ma’naviy, ilmiy, adabiy merosimizni o‘rganishga qiziqishi ortib borayotganini alohida e’tirof etish joiz.
Xususan, Abdulla Qodiriyning «O‘tkan kunlar» romanini ingliz tiliga tarjima qilgan amerikalik madaniyatshunos Mark Eduard Rizning tashabbusi alohida e’tiborga molik. O‘zbek adabiyotining yorqin durdonalaridan biri, ilk roman — «O‘tkan kunlar»ning ingliz tiliga tarjima qilinishi milliy madaniyatimiz, boy adabiyotimiz targ‘iboti hamda o‘zbek tilimiz mavqei oshishida dolzarb ahamiyat kasb etadi. Ona tilimiz — o‘zbek tiliga, uni o‘rganishga bo‘lgan bu kabi qiziqishlar esa har birimizga g‘urur va iftixor tuyg‘ularini baxsh etadi.
Shu bilan birga, ayni vaqtda yurtimizda istiqomat qilayotgan barcha millat va elatlarning madaniyati va urf-odatlarini, xususan, ularning ona tillarini rivojlantirish uchun ham zarur sharoitlar yaratilmoqda. Yoshlarimiz uchun ham xorijiy tillarni o‘rganishga keng imkoniyatlar mavjud.
Xorijiy tillarni o‘rganish uchun esa, avvalo, o‘z ona tilimizni puxta bilishimiz shart. Ham o‘z ona tilini, ham xorijiy tillarni puxta egallagan yoshlar esa har sohada o‘zini ko‘rsata oladi, oldiga qo‘ygan maqsadlariga erishishi oson kechadi. Qolaversa, ko‘ptilli yurtdoshlarimiz o‘zbek tilining xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini yuksaltirish uchun uni milliy va umumbashariy tushunchalar asosida taraqqiy etgan tillar safiga kiritishda o‘z hissasini qo‘shish imkoniga ega bo‘ladi.
Ona tilimizni boyitish, asrab-avaylash, sofligini saqlash muhim masalalardandir. Tilni saqlab qolish bu o‘sha xalqning madaniyati, urf-odati, rasm-rusumlarining saqlanib qolinishi demakdir. Zero, xalq taqdiri til taqdiri bilan bevosita bog‘liq. Til xalqni, millatni birlashtiradi. Shuning uchun ham ona tilimiz go‘zalligini saqlashimiz, yanada boyitishimiz lozim.
Qadim bitiktoshlaru Qoshg‘ariydan tortib Beruniy, Ibn Sino, Al-Xorazmiy, Al-Farg‘oniy, Alisher Navoiy, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Bobur Mirzo singari buyuk siymolarni yetishtirgan xalq tili hamisha barhayot bo‘lishi uchun bugungi avlod zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklanadi. Shunday ekan, ona tilimizni e’zozlash, uning davlat tili sifatidagi maqomi, jamiyatdagi mavqeini yuksaltirish, yosh avlodni ona tiliga hurmat ruhida tarbiyalash hamisha dolzarb ma’naviy burchimiz ekanligini his qilib, shunga munosib harakatda bo‘lmog‘imiz lozim.
Oybek Toshmatov,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Xorijiy tillar kafedrasi mudiri