Millatni o‘rganishga bag‘ishlangan umr
Taniqli olim, millatimizning fidoyi farzandi Sadulla Otamuratovdan ko‘p saboq olganman. Biz 2008 yilda Prezident asarlaridan imtihon topshirish davrida tanishganmiz. Keyingi yillardagi suhbatlar, uchrashuvlardan qalbidaryo, ochiqko‘ngil ekanliklariga shohid bo‘ldim. Xarakterimiz to‘g‘ri keldimi, ishqilib, shogirdlari ichida eng ko‘p suhbat quradigan kishiga aylandim. Biz dunyo, jamiyat, siyosat, hayot, internet voqealarini tez-tez muhokama qilamiz. Har gal domla fikrlaridagi aniqlik, teranlik, keng fikrlilik va muammoga to‘g‘ri yechim topish fazilati meni qoyil qoldiradi. Mantiqiy tahlil va xulosalardan ta’sirlanib, uni ishlarimda qo‘llashga harakat qilaman.
Ochig‘i, so‘nggi yillarda ustoz-shogird an’analarida yuzakilik, o‘zibo‘larchilik holatlari ko‘zga tashlanmoqda. Tanish-bilishchilikni aytmasa ham bo‘ladi. Ammo ilmda bu ish unchalik o‘zini oqlamaydi, degan fikrdaman. Jamiyatda yana bir illat – “ustoz”larning shogirdlari tadqiqot ishini o‘qimasligi va imzo chekib yuborishiga duch kelmoqdamiz. Professor Sadulla Otamuratov bundaylardan emas, domla yoshlarimiz dissertatsiyasini sinchiklab o‘qiydi va kamchiliklarini ko‘rsatib beradi. Shaxsan o‘zimga kelsak, “Jamiyatni modernizatsiyalash konseptual modellarining siyosiy-falsafiy tahlili” nomli siyosiy fanlar doktori ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiyamni 2011-2012 yillarda uch marta o‘qib bergan (arxivimda saqlanadi). Qariyb yetti betlik xulosa mening ilmdagi o‘z xatolarimni aniqlash, tadqiqotning boblarini qayta ishlash va to‘ldirishga undagan. Ana shu o‘gitlari va tanbehlari uchun ustozdan umrbod minnatdorman.
Sadulla Otamuratov “Milliy rivojlanish falsafasi” (2005), “Globallashuv va millat (2008), “Globallashuv va milliy ma’naviy xavfsizlik” (2013), “Globallashuv: millatni asrash mas’uliyati” (2018) nomli asarlari orqali o‘zbek siyosatshunosligi faniga munosib hissasini qo‘shdi. Mazkur kitoblar murakkab o‘tish davrida milliy ma’naviyat va millatni asrash, xususan, yoshlarni oqilona tarbiyalash yo‘nalishida metodologik qo‘llanma hisoblanadi. Suhbatlarda guvoh bo‘lganimizdek, davlat imtihonlari, turli attestatsiyalarda yosh olimlar, jamoat arboblari ko‘proq ana shu kitoblarga murojaat etishadi.
Shu o‘rinda, domlaning kitoblaridan kichik iqtiboslar keltirsam. “Ommaviy madaniyatning zaminida tenglik emas, balki turli sohalarda katta qudratga ega bo‘lgan mamlakatlarning ma’naviy tazyiq va zo‘ravonlik o‘tkazish yo‘li bilan g‘arbona ma’naviyatlarini turli millatu elatlar ongi va qalbiga singdirish yo‘li orqali dunyoda o‘z hukmronligini tiklashga qaratilgan aniq maqsad yotadi”; “Insoniyatning yuksak taraqqiyoti hosilasi bo‘lmish globallashuv hayotimizga yopirilib kelarkan, “ommaviy ma’naviyat” soyasida qolgan milliy-ma’naviyat barbod bo‘ladi”, “hozirjavob”, “beminnat” dastyorlar (uyali telefon, internet) hayosizlik, shafqatsizlik, bag‘ritoshlik va zo‘ravonlik bilan “oshno” bo‘lishga xizmat qilmoqda”; “globallashuv- “yangi sivilizatsiya”, taraqqiyotning yuksakligi ko‘rsatkichi”; “Milliy xavfsizlik” deb atalmish tizim zanjiridagi asosiy halqa milliy-ma’naviy xavfsizlikdir” va boshqalar.
Bulardan ko‘rinib turibdiki, domla yoshlarimiz va vatandoshlarimizning begona g‘oyalar ta’siriga berilmasligini, ongi, ruhi, zehniyatini buyuk yurtimiz farovonligiga safarbar etishlarini orzu qiladi.
Olimning shaxsiy hayoti va turmush tarziga kelsak, u oddiylik va kamtarlikdan iborat. Domla soxtagarchilik, hashamdorlik va dabdabozlikdan yiroqda yuradi. Sun’iy maqtovni va xushomadgo‘ylikni yoqtirmaydi. Misol uchun, falsafa ilmiy kengashidagi muhokamalarda tarafkashlikka chidab turolmaydi va xolis fikrini ifoda etadi. “Jim turolmayman!” – bu zahmatli olimning hayot achchiq sinovlaridan o‘tib kelayotgan shiori. Shunga qaramasdan, dalillarga tayangan tanqidlarini shu qadar muloyim, ustakorona uslubda aytadiki, muholif taraf xayrlashayotib, ko‘zlarini alamli qadash o‘rniga, domlaga minnatdorlik bildiradi.
Bunday kunlarini gohida eslab, biz shogirdlariga: “Hayot faqat kurashlardan iborat, ammo nima bo‘lganda ham olim adolatparvarlik prinsipiga sodiq qolmog‘i lozim”, deydi.
Olimning haqqoniy so‘zi, keng mushohada olami, hozirjavobligi, ochiqko‘ngilligi ilm-fan va madaniyat arboblarida havas va hurmat hissini uyg‘otmay qolmaydi. Yurtning ziyoli qatlami uning tahlillarga boy ilmiy-ma’rifiy kitoblari, qiziqarli maqolalarini ishtiyoq bilan o‘qiydi, auditoriya, davra-gashtaklardagi suqrotona suhbatlarini sog‘inadi.
Ustoz o‘tayotgan mazmunli umri, ahil oilasi, kamsuqum shogirdlari, yozilgan o‘nlab kitoblarini el-yurt o‘qiyotganligidan shodlanib, ayni damdagi sokin, osoyish damlarga yetkazganiga shukronalar aytadi. Millat dardiga hamdard bo‘lib yashagani, minglab faylasuf, siyosatshunos shogirdlarni tarbiyalashga ulgurgani, jamiyatni o‘ylantirib kelayotgan dolzarb muammolarga oid kitoblarni yozish baxtiga erishganidan bag‘oyat quvonadi.
Respublika ilmiy va adabiy jamoatchiligi falsafa fanlari doktori, professor Sadulla Otamuratovni ona yurtining fidoyi, kuyinchak farzandi sifatida juda ardoqlaydi. Domla bugun o‘zining qalb va vijdon amri bilan bajargan ishlarini sarhisob qilarkan, umri behuda va besamar ketmaganligiga amin bo‘ladi.
Chindan ham, ustozimiz bilim va tajribasini,butun umrini ilm-fanga bag‘ishladi, farzandlari va shogirdlarini millatparvar, yurtparvar qilib tarbiyaladi, bundan o‘zlari ham kam bo‘lmadi.
Kamtarin, samimiy inson, butun umrini millatni o‘rganish va asrab-avaylashga bag‘ishlagan zabardast olim Sadulla Otamuratovni biz shogird-farzandlari ham 80 yoshi bilan chin qalbimizdan tabriklaymiz, Allohdan ustozga uzoq umr, oilaviy baxt-iqbol tilab qolamiz.
Baxtiyor Omonov,
O‘zbekiston milliy universiteti professori, siyosiy fanlar doktori.