Millatlararo totuvlik eng katta boylik
Buxoroda “Buxoro viloyatida faoliyat yuritayotgan milliy madaniy markazlar to‘g‘risida atlas-kitob” ning taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda mahalliy hokimiyat vakillari, milliy madaniy markazlar, nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlari, yozuvchi va shoirlar, yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
Taqdimotda viloyat hokimi o‘rinbosari Erkin Majidov so‘zga chiqdi. Ta’kidlanishicha, Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondining “Buxoro viloyatida faoliyat yuritayotgan milliy madaniy markazlar to‘g‘risida atlas-kitob tayyorlash loyihasi” uchun ajratgan 40 million so‘m grant mablag‘lari hisobidan “Umrboqiy meros” O‘zbekiston madaniyati va san’ati targ‘ibot markazi Buxoro viloyati hududiy bo‘limi tomonidan tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda “Buxoro viloyatida faoliyat yuritayotgan milliy madaniy markazlar to‘g‘risida atlas-kitob” yaratildi. Bu ishda milliy madaniy markazlar, davlat tashkilotlari, hokimiyat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari o‘z hissasini qo‘shdi.
Tarixi bir necha ming yilliklarga tutash ko‘hna va boqiy Buxoro ham qadim sharq sivilizatsiyasi beshiklaridan biri sifatida asrlar davomida millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik maskani bo‘lib kelgan. Buxoroda mahalliy aholi bilan birgalikda yahudiy, fors-tojik, qozoq, turkman, arab, yunon va boshqa millat vakillari yashamoqda. Ajdodlarning bag‘rikenglik an’analarini munosib davom ettirgan holda bugungi kunda ham viloyatda 40 dan ortiq millat vakillari hudud ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy va ma’rifiy taraqqiyoti yo‘lida samarali mehnat qilayotir.
[gallery-6520]
Viloyatdagi oliy o‘quv yurtlari talabalarining 972 nafari, bitiruvchilarining 36 nafarini boshqa millatga mansub yoshlar tashkil etayotgani hududning kelgusi iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyotida ushbu qatlamdagi vatandoshlarimizning xizmati yanada yuksak bo‘lishidan dalolat beradi. Viloyatda 11 ta milliy-madaniy markaz faoliyat yuritmoqda Prezidentimizning millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni ta’minlash borasidagi islohotlari namunasi sifatida Buxoro shahrida “Nodavlat notijorat tashkilotlari va Do‘stlik uyi” tashkil etildi. Bu yerda milliy-madaniy markazlarning samarali faoliyat yuritishi, turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish, o‘z ona tili va boshqa fan to‘garaklarini tashkil etishi uchun barcha sharoit yaratilgan. bugungi tahlikali zamonda mamlakatlar va xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik, birodarlikni rivojlantirish eng muhim masalalardan biridir. Zero, ko‘pmillatlilik va ko‘pmadaniyatlilik bizning milliy boyligimiz sanaladi.
– Milliy madaniy markazlarning milliy an’anaviy ma’naviyati, madaniyati hamda faoliyatini keng yoritish va meros sifatida qoldirish maqsadida atlas-kitob yaratildi, – deydi O‘zbekiston madaniyati va san’ati targ‘ibot markazi Buxoro viloyati hududiy bo‘limi rahbari Matlyuba Bozorova. – Atlas-kitob 3 tilda ya’ni o‘zbek, rus, ingliz tillarida nashr etilgan. Unda viloyatdagi 11 ta milliy madaniy markazlarning faoliyati olib borayotgan ishlari, ularning urf-odatlari hamda mashhur taomlari haqida ma’lumotlar hamda rasmlar berib o‘tilgan. Mazkur atlas-kitob Buxoro viloyatida faoliyat yuritayotgan milliy madaniy markazlar to‘g‘risidagi birinchi kitob hisoblanadi.
bugungi kunda mamlakatimizda hukumatimiz tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning nufuzini oshirishga katta e’tibor berilmoqda. Viloyatda qariyb uch yildan buyon “Umrboqiy meros” O‘zbekiston madaniyati va san’ati targ‘ibot markazi Buxoro viloyati hududiy bo‘limi faoliyat yuritmoqda. Ushbu tashkilot tomonidan qisqa fursatda ko‘plab turli tadbirlar o‘tkazildi. Shuningdek tashkilot millatlararo totuvlik, bag‘rikenglik, turli millat va elat vakillari bilan hamjihatlik, ularning urf-odatlarini ham keng targ‘ib qilish borasida faol ish olib bormoqda. Ushbu kitob viloyatda faoliyat olib borayotgan 11 ta milliy madaniy markazlarning o‘ziga xos milliy va an’anaviy madaniyatini ko‘rsatib berish, millatlararo totuvlik, bag‘rikenglik rishtalarini ulug‘lashda, e’zozlashda do‘stlik ko‘prigi bo‘lib xizmat qiladi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA