Millati o‘zga, ammo maslagi bir o‘zbekistonliklar
30 iyul – Xalqlar do‘stligi kuni
O‘zbekistonda yashaydigan 130 dan ortiq millat va elatning o‘zaro totuvligi, diniy konfessiya vakillari o‘rtasidagi bag‘rikenglik barqarorlikni, davlat va jamiyat taraqqiyotini belgilamoqda.
“2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi”ning beshinchi bandi ham ayni “Xavfsizlik, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni ta’minlash sohasidagi ustuvor yo‘nalishlar”, deb belgilangan.

Bu millatlararo, dinlararo bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash olib borilayotgan islohotlarning uzviy qismi ekanligini yana bir bor tasdiqlaydi.
30 iyul – Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” shiori ostida Guliston shahrida tashkil etilgan tadbir Sirdaryo viloyatida umrzguzaronlik qilib kelayotgan turli millat vakillarini bir joyga jamladi.

– O‘zbekiston saodat maskani, – deydi Sirdaryo viloyat teleradiokompaniyasi muxbiri Risolatbonu Gulova. – Men shu yurtda tug‘ildim, shu yurtda kamol topdim. Zaminimizda istiqomat qilib kelayotgan turli millat va elatlar o‘rtasida do‘stlik rishtalari uzviy bog‘langan. Bu mamlakatimizda millatlaroaro totuvlik, do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlash yo‘lida olib borilayotgan oqilona siyosatning natijasidir.
– Jamiyatimizda hukm surayotgan millatlararo ahillik va hamjihatlik, do‘stlik va birdamlikka ko‘z tegmasin, – deydi Qozoq milliy madaniy markazi Sirdaryo viloyat bo‘limi rahbari Klara Fozilova. – O‘zaro mehr-oqibat borki totuvlik, tinchlik, rohat bor. O‘zbekiston boshqa millat va elatga mansub elning ham mehr qo‘ygan o‘z Vatanidir.
Ma’lumot o‘rnida, so‘nggi yillarda millatlararo munosabatlar va din sohasida 50 dan ortiq qonun hujjatlari va 40 ga yaqin qarorlar qabul qilindi. Bu huquqiy hujjatlarning aksariyati fuqarolarning dini va millatidan qat’i nazar, huquq va erkinliklarini kengaytirish, shu jumladan, jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ishtirok etish imkoniyatini oshirishga qaratilgan.
Shuningdek, 2021 yil 10 fevralda qabul qilingan “Xalqlar do‘stligi kunini belgilash to‘g‘risida”gi, joriy yilning 5 iyulida qabul qilingan yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunlari diniy bag‘rikenglik va konfessiyalararo hamjihatlikni mustahkamlash, dinning asl mohiyatini anglash, buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi immunitet hosil qilish, ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashda mustahkam huquqiy asos bo‘ladi.
Tadbirda ushbu normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati va ahamiyati to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Tadbir davomida yurtimizda hukm surayotgan tinchlikning qadriga yetish, do‘stlik, hamjihatlik, birodarlik rishtalarini mustahkamlash, yangi O‘zbekiston taraqqiyoti yo‘lida bir tan, bir jon bo‘lib birlashish kabi ezgu g‘oyalar targ‘ib etildi.
Sh.Suyarov, F.Toshmatov (surat), O‘zA