Millatdoshlarim salomini albatta yetkazaman
Gulistonda bo‘lib o‘tayotgan uchinchi Xalqaro baxshichilik san’ati festivalida dunyoning 30 dan ziyod mamlakatidan baxshilar, oqinlar, folklorshunos olimlar, soha mutaxassislari qatnashmoqda.
Qoryog‘di Sariyev festivalga qardosh Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahridan kelgan. U turkman elining taniqli va sevimli baxshisi hisoblanadi. Baxshining san’ati o‘z elida yuksak qadr topib, Turkmaniston Prezidentining farmoniga ko‘ra, 2011 yilda Turkmanistonda xizmat ko‘rsatgan artist unvoni bilan taqdirlangan.

Q.Sariyev xozirgi kunda Turkmaniston milliy konservatoriyasida baxshichilik kafedrasi mudiri bo‘lib ishlaydi. Uning ota-bobolari ham taniqli baxshilar bo‘lib Turkmaniston san’ati va madaniyati rivojiga munosib hissa qo‘shgan. Turkmanistonda baxshichilikning asosan Toshhovuz va Mari yo‘nalishi shakllangan. Qoryog‘di baxshi Mari yo‘nalishida ijod qiladi.
Festivalda turkman baxshisi "Sulton so‘yi Boyqaro" dostoni bilan qatnashmoqda.

–Dunyoning ko‘p mamlakatlarida bo‘lib, xalqaro tanlovlarda ishtirok etganman. Qardosh O‘zbekistonga kelish orzuim edi, – deydi u. – Mana orzuim ijobat bo‘lib O‘zbekistonga keldim. Go‘zal Toshkentni ko‘rdim, bir necha kundan buyon Guliston shahridamiz. Bilasizmi, O‘zbekistonda umuman yotsiramadim. Xuddi o‘zimning vatanimda yurgandek bo‘ldim. Tili, dini, turmush tarzi bir xil mehmondo‘st qardosh o‘zbek xalqiga yanayam hurmatim oshdi. Guliston shahrida ham turkman birodarlarimni uchratdim. Ularning O‘zbekistonda baxtli-saodatli umr kechirayotganligini yuz-ko‘zlaridan sezdim. Ular meni libosimdan, cho‘girmamdan darrov tanib qolayapti. Ashxobodga qaytganingizda O‘zbekistondagi turkman birodarlaringizdan salom deng, deganlarida ko‘zlarimga yosh keldi. Men ularga salomingizni albatta yetkazaman, deb va’da berdim.
Shuhrat Suyarov,
O‘zA muxbiri