Millat qayg‘usi bilan yashagan alloma
Shunday insonlar bo‘ladiki, ularning hayoti, xayoli, butun faoliyati, o‘ylari, barcha sa’y-harakatlari millit qayg‘usi, uning istiqboli, xalqning ozozligi, hurriyati, ma’naviy kamoloti bilan uzviy bog‘liq bo‘ladi.
Atoqli olim, din va jamoa arbobi, mashhur ulamo Alixonto‘ra Shokirxo‘ja o‘g‘li (taxallusi Sog‘uniy) o‘z umrini xalqning baxtu saodatiga bag‘ishlagan, xalqning chinakam mehri va muhabbati, el-yurtning cheksiz, benihoya ulkan ehtiromi va hurmatiga sazovor bo‘lgan ana shunday jonfido vatandoshlarimizdan biri edilar.
Bu tabarruk insonning tavalludiga joriy yilda 140 yil to‘ladi. Alixonto‘ra XIX asr boshida Qo‘qon xonligining o‘sha paytdagi sharqiy istehkomlaridan biri sifatida vujudga kelgan To‘qmoq (Bolasog‘un) shahriga Andijondan ko‘chib borgan Shokirxonto‘ra oilasida 1885 yilning 21 mart kuni tavallud topgan edilar.
Ul zoti sharifning aynan Navro‘z kunida tavallud topganlarida ham Yaratgannning mo‘’jizasi bo‘lsa ajab emas. Negaki, odamlarni ezgulikka, hurlik va ozodlik, poklikka, nurga chorlash Alixonto‘ra Sog‘uniy hayotining ustuvor mazmunini tashkil etar edi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Alixonto‘ra Sog‘uniy o‘smirlik davrida Arabiston (Madina)da va Buxoro madrasalarida tahsil oldi.
Manbalarda keltirilishicha, Alixonto‘ra Sog‘uniy chor ma’muriyatining mahalliy aholini mardikorlikka olish siyosatiga qarshi chiqqanligi uchun podsho maxfiy politsiyasi ta’qibida bo‘ldi. 1916 yil qo‘zg‘oloni shafqatsizlarcha bostirilgach, siyosiy muhojir bo‘lib Qashqar (Xitoy)ga ketdi, keyin Sharqiy Turkiston (G‘ulja shahri)ga bordi. Omma orasida hurriyat g‘oyalarini targ‘ib qilganligi sababli 1937 yil Xitoy ma’murlari tomonidan hibsga olinib, umrbod qamoq jazosiga hukm etildi. 1941 yil adliyaviy taftish natijasida ozod qilindi.
1944 yil 12 noyabrda Sharqiy Turkiston jumhuriyati e’lon qilinib, Alixonto‘ra Sog‘uniy Muvaqqat inqilobiy hukumat raisligiga saylandi. Milliy qo‘shin tashabbuskori bo‘ldi va unga qo‘mondon etib tayinlandi. 1946 yil iyunda sho‘ro ayg‘oqchilari tomonidan maxfiy ravishda tazyiq bilan G‘uljadan olib chiqib ketilgan Alixonto‘ra umrining oxirigacha Toshkentda yashadi.
Alixonto‘ra Sog‘uniy Ahmad Donishning "Navodir-ul vaqoye", Darvish Ali Changiyning "Musiqa risolasi", shuningdek "Temur tuzuklari" kabi asarlarni tarjima qildi. Alixonto‘raning "Devoni Sog‘uniy" she’riy to‘plami, "Tarixi Muhammadiy", "Shifo ul-ilal" ("Xastaliklar davosi"), "Turkiston qayg‘usi" va boshqa asarlari adabiyot muxlislariga yaxshi tanish.
Olimning ayniqsa, "Tarixi Muhammadiy" asari g‘oyat ravon va tushunarli tili, silliq, ta’sirchan ifoda usuli, hayot va ilohiyot hikmatlariga boyligi, aziz avliyolarimiz, payg‘ambarlar, ayniqsa, payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam, Qur’on, Islom dini tarixiga doir qimmatli va qiziqarli ma’lumotlarni o‘zida mujassam etgani bilan ahamiyatlidir.
Alixonto‘ra tarixiy me’morlik obidalari va qadimiy qo‘lyozmalarni saqlab qolishda jonkuyarlik qilgan.
Vatanimiz mustaqillikka erishgach, Alixonto‘ra Sog‘uniy asarlarini nashr etish, o‘rganishga katta e’tibor qaratilmoqda. Allomaning xotirasini abadiylashtirish maqsadida Toshkentning Chilonzor tumanidagi mahallaga, Shayxontohur tumanidagi ko‘chaga uning nomi berildi.
N.Usmonova tayyorladi, O‘zA