“Mikrokreditbank” ko‘magida parrandachilik rivojlanmoqda
bugungi kunda parrandachilik istiqbolli va chorvachilikdagi asosiy yo‘nalish ekani tan olinadi. Buning sabablardan biri parrandalarni saqlash uchun inshootlarning oddiy bo‘lishidir.
Tahlilchilarning fikricha, bugungi kunda jahonning yetakchi davlatlarida parrandachilikka katta e’tibor qaratilmoqda. Chunki aynan parrandachilik aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlanishida asosiy ahamiyat kasb etib, qishloqlarda odamlarning ish bilan band bo‘lishiga katta hissa qo‘shadi.
Shu jihatdan olib qaraganda, mamlakatimizda parrandachilikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilib, buning uchun zarur huquqiy asoslar yaratilayotgani diqqatga sazovor. Xususan, Davlatimiz rahbarining 2022 yil 15 iyundagi “Parrandachilik sohasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori e’tiborga molik. Unga ko‘ra 2022 yil 1 iyundan 400 milliard so‘mgacha kredit mablag‘lari hisobidan parrandachilik xo‘jaliklari va parranda omixta yemi ishlab chiqaruvchi tadbirkorlarga don zaxirasi yaratish uchun 3 oylik imtiyozli davr bilan 12 oygacha revolver kreditlar ajratiladi. Shuningdek, qarorda parrandachilikni rivojlantirish bo‘yicha maqsadli davlat dasturlari bo‘yicha kredit mablag‘lari 10 yilgacha muddatga 3 yilgacha imtiyozli davr bilan ajratilishi ham belgilangan.
“Mikrokreditbank” tomonidan mazkur qarorda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2021 yil 29 iyunda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan 529,2 milliard so‘m (1-bosqich: 50 million AQSH dollari) miqdorida mablag‘ ajratilgan edi. Ushbu mablag‘lar hisobidan 203 ta parrandachilik xo‘jaliklari va ozuqa-yem mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalarga 500,8 milliard so‘m miqdorida kredit mablag‘i ajratildi. Shundan, qarorga asosan boshqa tijorat banklariga parrandachilik loyihalarini moliyalashtirgani uchun jami 95,8 milliard so‘mlik resurs mablag‘lari yo‘naltirildi.
[gallery-9311]
Amalga oshirilayotgan ishlar samarasida parrandachilik xo‘jaliklarida quvvatdan foydalanish 45 foizdan 80 foizga oshirilib, 410 million dona tuxum, 15,4 ming tonna go‘sht, 106,7 ming tonna ozuqa ishlab chiqarish imkoni yaratildi. Jumladan, Qashqadaryo viloyatida 2022 yilda qiymati 13 milliard so‘mlik 15 ta loyiha amalga oshirilgan. Ushbu parrandachilik korxonalarida 477 ming bosh parranda boqilmoqda. Natijada yiliga 41 million dona tuxum va 2,1 ming tonna parranda go‘shti yetishtirish quvvatlari yaratildi, qo‘shimcha 187 ta yangi ish o‘rin yaratildi.
“Mikrokreditbank” ATB hamda “Parrandasanoat” uyushmasi tomonidan Qashqadaryo viloyati Nishon tumanidagi “Cho‘l parrandasi” MJCHda tashkil etilgan press-turda shular haqida batafsil ma’lumot berildi.
Press-tur davomida OAV vakillari parranda go‘shtini ko‘paytirish jarayoni bilan bevosita tanishdi.
– Korxonamiz joriy yilning aprel oyida ishga tushdi, – deydi tadbirkor, MCHJ rahbari Bahriddin Niyazov. – 2021 yilning dekabr oyida “Mikrokreditbank” ATBning Yangi Nishon filialidan 4 yil muddatga 6 oylik imtiyozli davr bilan (14 foizli) 3 milliard so‘m kredit olib, faoliyat boshladik. Shu kungacha 120 ming dona broyler jo‘jalarini aholi iste’moli uchun yetkazib berdik. Ayni paytda korxonamizda 40 ming dona broyler jo‘ja parvarishlanmoqda. Korxonada 10 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Hali rejalar katta. Kelgusida Mikrokreditbank bilan hamkorligimizni davom ettirgan holda faoliyatimizni yanada kengaytirishni maqsad qilganmiz. Ya’ni broyler yetishtirishni 200 ming donaga yetkazib, jo‘jani ochirishdan tortib omixta yemigacha o‘zimizda yetishtirish, parranda go‘shtini shu yerning o‘zida qayta ishlashni, eng muhimi mahsulotimizni to‘liq eksportga yo‘naltirishni mo‘ljallaganmiz.
Ta’kidlash joizki, bank tomonidan parrandachilik yo‘nalishidagi loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA.