MIBda ishlayotgan xotin-qizlar sharaflandi
Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Namangan viloyati boshqarmasida tashkil etilgan bayram tadbirida boshqarma va uning shahar va tumanlar bo‘limlarida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar taklif etildi.
Tadbir avvalida MIB viloyat boshqarmasi boshlig‘i Bekzod Mirzaahmedov nafosat va go‘zallik bayrami bilan yig‘ilganlarni tabrikladi. Unda mamlakatimizda xotin-qizlarni e’zozlash, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatish siyosatimizning ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangani e’tirof etildi. Ayniqsa, turli sohalarda mehnat qilayotan aziz ayollarimizning o‘rni beqiyos ekani, yurtimiz taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissalari alohida ta’kidlandi. bugungi kunda ham Majburiy ijro byurosi organlarida ham xotin-qizlarning faoliyat ko‘rsatishining o‘zi qahramonlik va tahsinga sazovorligi aytib o‘tildi. Birgina, Byuroning Namangan viloyat boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlarida 35 nafardan ortiq tezkor va texnik xodimlar mehnat qilmoqda.
– Majburiy ijro byurosi Namangan shahar bo‘limida davlat ijrochisi lavozimida faoliyat olib boraman, – deydi Dildora Asralova. – Sud va boshqa organlar hujjatlari ijrosini ta’minlash borasida olib borayotgan tadbirlarimiz natijasida ijobiy yutuqlarga erishyapmiz. Biz sohada faoliyat olib borayotgan xotin-qizlarga ko‘rsatilgan ehtirom va e’tibor yanada yangi marralar sari undaydi, albatta.
Tadbirda xotin-qizlarga sovg‘alar topshirildi va go‘zallik ramzi bo‘lgan gullar ulashildi. Namangan ixtisoslashtirilgan san’at maktabi o‘quvchilarining bayramona chiqishlari tadbirga o‘zgacha zavq bag‘ishladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA