MIB rahbariyati ishtirokidagi sayyor qabulda 4 ta oila yarashtirildi
Aholi bilan ochiq muloqotni mustahkamlash va fuqarolar murojaatlarini joyida hal etish maqsadida Majburiy ijro byurosi direktori o‘rinbosari X.Ochilov hamda Byuroning Surxondaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i D.Boboxonov ishtirokida Surxondaryo viloyatida 8–11-iyun kunlari sayyor qabullar o‘tkazildi.
Qabullar davomida jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan sud hujjatlari ijrosi, aliment to‘lovlari, qarzdorliklarni undirish, mol-mulkni qaytarish, majburiyat yuklash hamda boshqa dolzarb masalalar yuzasidan murojaatlar qabul qilinib, har biri atroflicha o‘rganildi. Murojaatlarni ijobiy hal etish bo‘yicha mas’ullarga aniq vazifalar yuklatildi.

Boysun, Angor, Denov va Oltinsoy tumanlaridagi qabullar davomida aliment masalasida murojaat qilgan 4 ta oilaning yarashuviga erishilib, oilaviy munosabatlarni tiklashga ko‘maklashildi.
Qo‘shimcha o‘rganish talab etuvchi murojaatlar Byuro markaziy apparati nazoratiga olindi. Shuningdek, sayyor qabullar doirasida Byuroning tuman va shahar bo‘limlari faoliyati ham o‘rganildi. Davlat ijrochilarining ish samaradorligi, mahallabay ishlash tizimi, ijro intizomi hamda aholi bilan ishlash holati tahlil qilinib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi. Ayniqsa, ishsiz aliment to‘lovchilarining bandligini ta’minlash, ularni doimiy daromad manbai bilan qamrab olish orqali aliment qarzdorligini kamaytirish yuzasidan mas’ullarga aniq vazifalar yuklatildi.

Bunday sayyor qabullar aholi muammolarini tezkor hal etish, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda jamiyatda qonun ustuvorligini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Hamroz Bayonov, O‘zA