MIB: qarzdor bozorda qo‘lga olindi
Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Namangan viloyati boshqarmasi qidiruv sho‘’basi xodimlari tomonidan olib borilgan navbatdagi tadbir davomida qarzdor ota “Chorsu” dehqon bozori hududida uyushtirilgan reja asosida qo‘lga olindi.
Aniqlanishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Namangan tumanlararo sudining hal qiluv qaroriga ko‘ra, qarzdor fuqaro Sh.A. dan undiruvchi Sh.S. foydasiga ikki nafar voyaga yetmagan farzandi uchun aliment undirish belgilangan. Mazkur sud varaqasi MIB Namangan shahar bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan. Davlat ijrochisi tomonidan harakatlar olib borilgan. Biroq, ota mas’uliyatini unutib, moddiy ta’minotdan bo‘yin tovlab kelgan. Bu davrda qarzdorlik 30 million 318 ming so‘mga yetgan.
– Byuro organlari qidiruv sho‘’basi ish yurituviga joriy yilning o‘tgan davrida 321 nafar qarzdorga nisbatan qidiruv e’lon qilingan, – deydi MIB Namangan viloyati boshqarmasi inspektori Yoqubjon Dolimov. – Olib borilgan tezkor tadbirlar davomida ularning 213 nafari ushlangan, qidiruv davomida ushlangan qarzdor 74 nafar alimentchi otaga nisbatan Jinoyat kodeksining 122-moddasiga ko‘ra, jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. 106 nafarga esa ma’muriy chora ko‘rilgan. Qarzdorlardan 516,2 million so‘m mablag‘ undirgan.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.