MIB ko‘magida 820 nafar aliment to‘lovchi ishga joylashdi
Majburiy ijro byurosi Andijon viloyati boshqarmasi tomonidan joriy 2026-yilning birinchi yarmida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Majburiy ijro byurosi Andijon viloyat boshqarmasi mas’ullari, ommaviy axborot vositalari, matbuot xizmatlari vakillari, blogerlar ishtirok etgan matbuot anjumanida boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Hamidullo Masaitov joriy yilning birinchi yarmida amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etdi.
– Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida boshqarmamiz, tuman, shahar bo‘limlarimiz tomonidan katta hajmdagi ishlar amalga oshirildi, – deydi boshqarma boshlig‘i Hamidullo Masaitov. – Xususan, umumiy qiymati 5,4 trillion so‘mlik ijro hujjatlari tugallandi, 260 mingta ijro hujjati bo‘yicha amalda 1,8 trillion so‘m mablag‘ undirildi. Ya’ni 1,3 trillion so‘m davlat, 462 milliard so‘m xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar hamda fuqarolar foydasiga 34 milliard so‘m miqdoridagi mablag‘lar undirib berildi.


Shuningdek, soliq qarzini undirish bilan bog‘liq 19 ming 920 ta ijro ishi bo‘yicha 1,2 trillion so‘m mablag‘ amalda undirilgan bo‘lsa, davlat daromadiga o‘tkazilgan mol-mulklar ijrosi bilan bog‘liq ijro ishlari bo‘yicha 1,1 milliard so‘m mablag‘ kelib tushdi.
Jinoyat oqibatida yetkazilgan zararni undirish bilan bog‘liq 35 ta ijro ishi bo‘yicha 1,4 milliard so‘m, jinoiy va ma’muriy jarima undirish bilan bog‘liq 82 mingta ijro ishi bo‘yicha 50 milliard so‘m undirildi. Shu bilan birga, sud qarorlari asosida qonunga xilof ravishda ishdan bo‘shatilgan 21 nafar shaxs ishga tiklandi va ularga to‘lanmay qolgan 855 million so‘mlik ish haqlari undirib berildi.

Ayni vaqtda davlat ijrochilarining ish yurituvidagi ijro hujjatlarining 41 mingtasi yoki 8 foizi aliment masalasiga oid ishlarni tashkil qiladi. Anjumanda aliment undirish bilan bog‘liq ijro hujjatlari yuzasidan aloqador tashkilotlar hamkorligida olib borilgan ishlar natijasida 380 ta oila yarashtirildi.
Ishsiz, aliment to‘lovchilarni ish bilan ta’minlash borasida olib borilgan tadbirlar natijasida 820 nafar aliment to‘lovchi ishga joylashtirildi.

Banklar foydasiga undiruvga oid umumiy qiymati 1,7 trillion so‘mlik 48 mingta ijro hujjatidan 486 milliard so‘mlik 17 mingtasi tamomlandi. Shundan 10 mingta hujjat bo‘yicha 280 milliard so‘m mablag‘ning undirilishi ta’minlandi.
Shuningdek, banklar foydasiga chiqarilgan 667 ta ijro hujjati doirasida qiymati 29,4 milliard so‘m bo‘lgan mol-mulk elektron onlayn-auksionga qo‘yildi.
Yig‘ilishda kommunal xizmatlar – gaz, elektr energiyasi, ichimlik suvi va issiqlik ta’minoti korxonalari, shuningdek, boshqaruv servis kompaniyalari manfaatiga undiruvlar bilan bog‘liq ijro hujjatlari ijrosiga ham alohida e’tibor qaratildi.
Mas’ullar tomonidan tabiiy gaz, elektr energiyasi, ichimlik suvi va issiqlik ta’minoti sohalarida ijrosi ta’minlangan ishlar yuzasidan axborot berildi.
Shu bilan birga, jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini ko‘rib chiqish natijalari ham muhokama qilindi. Hisobot davrida Byuroning viloyat boshqarmasi hamda tuman va shahar bo‘limlariga jami 6 ming 419 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning 5 ming 338 tasi, ya’ni 83 foizi ijobiy hal etilgan.

Tadbirda ommaviy axborot vositalari vakillari MIB faoliyati bilan bog‘liq o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutasaddilardan batafsil javob oldi.
Anjuman yakunida majburiy ijro byurosi tizimida amalga oshirilayotgan ishlar, soha xodimlari faoliyatini yoritishdagi samarali hamkorligi uchun bir guruh jurnalist hamda blogerlar MIB viloyat boshqarmasining tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (foto),
O‘zA muxbirlari