Meva-sabzavotchilik istiqbollari
Andijonda meva-sabzavot yetishtirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini yanada ko‘paytirish masalasiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Andijonda meva-sabzavot yetishtirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini yanada ko‘paytirish masalasiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.Tadbirda qishloq xo‘jaligi sohasi mutaxassislari, sabzavotchilik va bog‘dorchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari, qayta ishlash va eksport qiluvchi korxonalar rahbarlari ishtirok etdi.
Prezidentimiz rahnamoligida agrar sohani isloh qilish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish va qayta ishlashni yanada ko‘paytirish, eksport hajmini oshirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi. Bunda davlatimiz rahbarining 2006-yil 11-yanvardagi “Meva-sabzavotchilik va uzumchilik sohasini isloh qilish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori muhim omil bo‘lmoqda.
– Joriy yilda viloyatda 1 million 334 ming tonna meva-sabzavot yetishtirildi, – deydi Andijon viloyati qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i A.Sulaymonov. – Bu meva-sabzavot mahsulotlari eksporti hajmini oshirish imkonini beradi. Viloyatda keyingi ikki yilda tashkil etilgan 2 ming gektardan ziyod maydondagi intensiv bog‘lar bu borada muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadbirda meva-sabzavot yetishtirishda ilg‘or usul va texnologiyalarni joriy etish, qir-adirlardagi bog‘larni tomchilatib sug‘orishni yo‘lga qo‘yish, mavjud bog‘ va tokzorlar qator oralariga kartoshka, sabzavot va poliz ekinlari ekish, issiqxonalar tashkil etish, aholi tomorqasidan unumli foydalanish bo‘yicha fikr almashildi. Eski, kam hosilli bog‘larni yangilash, mahsulot saqlanadigan sovutgichli omborxonalarni ko‘paytirish, g‘alladan bo‘shagan yerlarga poliz va sabzavot ekinlari ekish yuzasidan aniq vazifalar belgilab olindi.
Yig‘ilishda Andijon viloyati hokimi Sh.Abdurahmonov so‘zga chiqdi.