Meva-sabzavot mo‘l bo‘ladi
Jizzax viloyatida 2015-yilda 827,7 ming tonna meva-sabzavot yetishtirildi.
Jizzax viloyatida 2015-yilda 827,7 ming tonna meva-sabzavot yetishtirildi.Jizzax tumani Qo‘shbarmoq qishlog‘ida yashovchi Nurtoshevlar oilasi dehqonchilik hadisini olgan. Hovlidagi 4 sotix issiqxonada limon, pomidor bodring va turli ko‘katlar yetishtirayotgan xonadon sohiblari yiliga 10 million so‘mdan ziyod qo‘shimcha daromad qilmoqda.
Oila boshlig‘i Mamaraim Nurtoshev uch yil avval farzandlari, nabiralari bilan yana bir xayrli ishga qo‘l urdi. Baxmal tumanida 27 gektar maydonda intensiv bog‘ yaratdi. Ayni paytda bu yerda o‘stirilayotgan 10 ming tupdan ziyod yarim pakana olma, nok, shaftoli, o‘rik, olcha, olxo‘ri kabi ko‘chatlar bu yil to‘liq hosilga kiradi.
– Prezidentimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor aholi farovonligini yuksaltirishga xizmat qilmoqda, – deydi Mamaraim aka. – Harakat qilgan odam kam bo‘lmaydi. Ishlayman, tadbirkorlik qilaman, desangiz, barcha sharoit muhayyo. Ayniqsa, qishloq xo‘jaligida hali ishga solinmagan imkoniyatlar juda ko‘p. Axir ona zaminimizning har qarichi tilloga teng.
O‘tgan yili viloyat mirishkorlari 100 ming tonnadan ziyod meva, 50 ming tonnaga yaqin uzum, 360 ming tonnadan ortiq sabzavot, 240 tonna poliz mahsulotlari yetishtirdi.
– 2016-yilda meva-sabzavot, poliz mahsulotlari yetishtirishni yanada ko‘paytirish va uni eksport qilish bo‘yicha maxsus dastur ishlab chiqildi, – deydi Jizzax viloyati hokimligi iqtisodiyot boshqarmasi boshlig‘i Tohir Abdunazarov. – Unga ko‘ra, joriy yilda 977,3 ming tonna meva-sabzavot, poliz, kartoshka va uzum yetishtirish rejalashtirilgan. Shundan 45,8 ming tonna meva-sabzavot eksport qilinadi. Buning uchun 2016-yilda 14,5 ming gektar maydonda sabzavot, 8,5 ming gektar maydonda poliz mahsulotlari, 3,1 ming gektar yerda kartoshka yetishtiriladi. 13,6 ming gektar bog‘ va 4,9 ming gektar tok qator oralarining 6,2 ming gektariga sabzavot ekiladi.
2016-yil uchun tuzilgan mazkur dasturda belgilangan tadbirlarni amalga oshirishga o‘tgan yilning kuzidan boshlab kirishildi. Viloyat qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2015-yilning noyabr-dekabr oylarida 2 ming 450 gektardan ortiq maydonga to‘qsonbosti usulida sabzavot ekinlari ekilgan. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday usulda ekilgan sabzavot urug‘i erta ko‘klamda barvaqt unib chiqadi, tez rivojlanadi. Urug‘ ekilgan egatlar ustiga mahalliy o‘g‘it, qipiq tashlansa yoki plyonka bilan qoplansa, nihol yanada tez o‘sadi. Natijada ushbu ekinlar erta bahorda ekilganiga qaraganda 30-40 kun oldin yetiladi. Hosildorlik 15-20 foiz ortadi.
Mavjud 13 ming 551 gektar bog‘ning 13 ming 85 gektari qator orasi haydalib, sug‘orildi, mahalliy o‘g‘it va mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirildi. Ayni paytda bog‘larda zararkunanda hasharotlarga qarshi ishlov, daraxtlarga shakl berish ishlari davom ettirilayotir.