Messi, Mbappe va Pele: JCH rekordlari futbol buyukligini to'liq aks ettira oladimi?
Kelajakda jahon chempionati ishtirokchilari soni yanada oshib, masalan, 128 ta jamoaga etsa, bunday rekordlarning tarixiy qiymati va o'zaro taqqoslash imkoniyati yanada shartli tus olishi tayin.
2026-yilgi jahon chempionati ayrim futbolchilarning yuqori natijalari fonida tarixiy ko'rsatkichlarga yana bir bor e'tiborni qaratishga majbur qildi. Turli manbalarda ayrim raqamlar biroz farq qilishi mumkin, ammo bu asosan o'tgan asr futbolchilariga tegishli bo'lib, umumiy manzarani o'zgartirmaydi.
Agar futbolda ham xokkeydagidek "gol + assist" (G/A) tizimi asosiy mezon sifatida qabul qilinsa, jahon chempionatlari tarixidagi yetakchilar ro'yxati quyidagicha ko'rinish oladi:
Lionel Messi — 33 (gol + assist)
Kilian Mbappe — 29
Pele — 21
Gerd Myuller — 20
Ronaldo — 20
Miroslav Kloze — 20
Harri Keyn — 18
Gjegoj Lyato — 17
Jyust Fonten — 16
Diego Maradona — 16
Uve Zeeler — 16
Tomas Myuller — 16
Ushbu ro'yxatdagi har bir futbolchi o'z davrining buyuk afsonasi hisoblanadi. Biroq bunday reytinglarga baho berishda muayyan ehtiyotkorlik talab etiladi. Chunki turli davrlardagi futbolni yagona statistik mezon bilan taqqoslash har doim ham adolatli emas.
Masalan, fransiyalik Jyust Fonten o'zining 13 ta golini atigi oltita o'yinda urgan bo'lsa, Miroslav Kloze o'z rekordlarini bir nechta jahon chempionatlari davomida barqaror to'plagan. Diego Maradonaning Meksika-1986 turniridagi 5 ta goli va 5 ta assisti ko'plab futbol mutaxassislari hamda ishqibozlari uchun son jihatdan emas, balki jamoadagi o'rni va o'yin ta'siri bo'yicha Messining umumiy ko'rsatkichlaridan kam ahamiyatga ega emas.
Yoki Zinedin Zidanni olaylik. Unig jahon chempionatlaridagi ikkita medali va finallarda urgan uchta goli futbol tarixida alohida o'ringa ega. Ushbu gollarning emotsional va amaliy qiymati Mbappening umumiy natijaviy harakatlaridan qolishmaydi.
Yana bir diqqatga sazovor jihat — Krishtianu Ronalduning ko'rsatkichlari ushbu reytingda uning asosiy raqibi Lionel Messi bilan solishtirganda ancha kamtarona ko'rinadi.
Shu sababli ham statistik rekordlar qanchalik hayratlanarli bo'lmasin, ularni mutlaq haqiqat sifatida qabul qilish qiyin. Masalan, Paolo Rossining 1982-yilgi Ispaniya mundialida kuchli raqiblarga qarshi urgan hal qiluvchi gollari futbol tarixi uchun bugungi kunda Harri Keynning umumiy statistik ko'rsatkichlaridan ko'ra muhimroq ahamiyat kasb etadi.
Shunga qaramay, yangi format va kengaytirilgan turnirlar bilan birga statistik rekordlarning yangi sahifasi ochilmoqda. Biroq kelajakda jahon chempionati ishtirokchilari soni yanada oshib, masalan, 128 ta jamoaga etsa, bunday rekordlarning tarixiy qiymati va o'zaro taqqoslash imkoniyati yanada shartli tus olishi tayin.