Mers Ukrainaga YeIda maxsus maqom taklif qildi
DW nashrining xabar berishicha, Germaniya kansleri Fridrix Mers Ukrainaga “cheklangan huquqlarga ega hamkor davlat” deb nomlangan maxsus maqom berishni taklif qilgan.
Bu maqom Ukrainaga Yevropa Ittifoqi institutlari yig‘ilishlarida ishtirok etish imkonini beradi, ammo ovoz berish huquqiga ega bo‘lmaydi. Germaniya kansleri Fridrix Mers bu tashabbusni Yevropa Ittifoqi rahbariyatiga yo‘llagan maktubida ilgari surgan.
Unda Ukraina urush sharoitida bo‘lsa ham, uning Yevropa institutlariga yanada yaqin integratsiya qilinishi taklif etilgan.
Kansler fikricha, Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga to‘liq qo‘shilishi yaqin vaqtda amalga oshishi qiyin. Uning ta’kidlashicha, siyosiy va huquqiy murakkab jarayonlar tufayli a’zolik jarayonini tez yakunlash imkonsiz.
Agar, Mers taklif qilayotgandek Ukraina maxsus a’zo maqomiga ega bo‘lsa, qanday afzalliklari bo‘ladi?
Bunda Ukraina Yevropa Kengashi va Yevropa Ittifoqi Kengashi yig‘ilishlarida ovoz berish huquqisiz ishtirok etishi mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, Ukraina Yevropa Komissiyasida cheklangan huquqlarga ega hamkor davlat sifatida va Yevropa Parlamentida ovozsiz ishtirokchi sifatida qatnashishi mumkin.
Mersning taklifiga ko‘ra, Ukraina boshida Yevropa Ittifoqi byudjetiga badal to‘lamaydi va undan to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliya olmaydi. Biroq ayrim dasturlarga bosqichma-bosqich kirish imkoni paydo bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, taklifda xavfsizlik kafolatlariga alohida e’tibor qaratilgan. Mers Ukraina tashqi va mudofaa siyosatini Yevropa Ittifoqi siyosatiga moslashtirishni taklif qilgan. Bundan tashqari, a’zo davlatlar Ukrainaga Yevropa Ittifoqi shartnomasining o‘zaro yordam haqidagi normasini qo‘llash bo‘yicha siyosiy majburiyat olishi kerakligi ta’kidlangan.
Shuningdek, Ukraina Yevropa Ittifoqi qadriyatlarini buzsa yoki islohotlardan orqaga qaytsa, uning maxsus statusini bekor qilish imkonini beruvchi mexanizm ham nazarda tutilgan.
Mers shu kabi islohotlarni faqat Ukraina emas, balki Albaniya, Chernogoriya va Moldova kabi nomzod davlatlar uchun ham qo‘llash mumkinligini bildirgan. Ular uchun esa ichki bozorga kengroq kirish, institutlarda kuzatuvchi maqomi va boshqa “innovatsion yechimlar” taklif etilmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/AO6a9Opn6CE" title="Mers Ukrainaga EIda maxsus maqom taklif qildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Iskandar Ismatov, O‘zA