Merganboyning ovi qimmatga tushdi
Qonunni buzgan har qanday shaxs qoidabuzarligi katta-kichikligidan qat’iy nazar qonun oldida javob berishiga to‘g‘ri keladi.
Jizzax viloyati Do‘stlik tumanida istiqomat qiluvchi Merganboy Birkamboyev (ismi-sharifi o‘zgartirildi) “Qor yoqqandagi ov baroridan keladi” deb, qor yog‘ishi bilan ovga yo‘l oldi.
Yo‘lida uchragan jonzotlarni bir chetdan nishonga olib ketaverdi.
Ammo Merganboy Birkamboyevning ovi uzoqqa cho‘zilmadi. Do‘stlik tumani Manas mahalla fuqarolar yig‘ini hududida ketma-ket o‘q tovushlarini eshitgan viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi ekologik nazorat inspeksiyasi xodimlari tomonidan zudlik bilan ushbu hududda nazorat tadbiri tashkil etildi.
Ekologik nazorat inspeksiyasi tomonidan hujjatlar rasmiylashtirilib, tegishli idoraga taqdim etildi.
Ushbu holat bo‘yicha amaldagi ov qonun-qoidalariga rioya etmagan fuqaro Merganboy Birkamboyevga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 90-moddasi 1-qismiga asosan bazaviy hisoblash miqdori(BHM)ning o‘n barobari miqdorida jarima belgilandi.
A.Qayumov, O‘zA