“Mening tanlovim kelajakka daxldor”
Daler Mirzayev Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining birinchi kurs talabasi.
Saylov–2019
Daler Mirzayev Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining birinchi kurs talabasi. U bu yil oʻn sakkiz yoshga toʻldi. Demak, davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash huquqiga ega boʻldi. Shu bois Daler joriy yilning dekabr oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga boʻlib oʻtadigan saylovlarni katta hayajon bilan kutmoqda.
Mazkur saylov avvalgilaridan qay jihatlari bilan farqli, qanday yangilik va oʻzgarishlar bor? Boʻlajak huquqshunos oʻzi uchun qiziq boʻlgan shu kabi savollarga universitetda “Demokratik saylovlar va xalqaro standartlar” mavzusida oʻtkazilgan tadbirda aniq va batafsil javob olish imkoniga ega boʻldi.
Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tashkil etildi.
Taʼkidlanganidek, bu yilgi saylovlarga “Yangi Oʻzbekiston. Yangi saylovlar” degan hayotiy soʻzlar shior sifatida tanlangani bejiz emas. Chunki mazkur siyosiy jarayon Oʻzbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida, milliy saylov tizimiga joriy etilgan oʻziga xos yangiliklar bilan uygʻun tarzda boʻlib oʻtadi.
Boʻlajak saylovlarning eng ahamiyatli jihati shundaki, siyosiy jarayonlar joriy yil iyun oyida tasdiqlangan Saylov kodeksi tamoyillari asosida oʻtkaziladi. Tadbirda Markaziy saylov komissiyasi aʼzolari talabalarga shu haqda batafsil maʼlumot berdi.
Qayd etilganidek, Saylov kodeksi Prezident, Qonunchilik palatasi deputatlari, Senat aʼzolari, mahalliy kengashlar deputatlari saylovlariga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish tartibini belgilaydi.
Saylov kodeksi bilan saylov okruglari va uchastkalarini tuzish, saylov komissiyalari faoliyatini tashkil etish tartibi belgilandi. Unga muvofiq, Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini oʻtkazish uchun 150 ta hududiy saylov okrugi tuziladi. Ilgari 135 ta okrug tuzilgan va 15 nafar deputat Oʻzbekiston ekologik harakati uchun kvotalangan edi. Endilikda Oʻzbekiston Ekologik partiyasi tashkil etilganligi bois ushbu partiya deputatlikka oʻz nomzodlarini umumiy saylovlarga qoʻygan holda Qonunchilik palatasidan oʻrin egallashi mumkin.
Bugun zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari tatbiq etilmagan sohaning oʻzi yoʻq. Saylov tizimi ham bundan mustasno emas. Joriy yilgi saylovlardagi eng muhim yangiliklardan biri ham aynan shu bilan bogʻliq. Yaʼni, saylovchilarning yagona elektron roʻyxati shakllantiriladi.
Unga koʻra, saylovchilar Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida saylovchilarning roʻyxati toʻgʻrisidagi oʻzi uchun kerakli maʼlumotlar bilan tanishish mumkin.
– Saylovlarda ilk bor ishtirok etaman, – dedi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabasi Baxtiyor Azizov. – Shuning uchun mazkur siyosiy jarayon haqida koʻproq maʼlumotga ega boʻlishim muhim. Shaxsan menga saylov tizimiga zamonaviy axborot texnologiyalari tatbiq etilayotgani manzur boʻlyapti. Masalan, saylov jarayonini boshqarish boʻyicha axborot tizimi shakllantirilgani har tomonlama qulaylik deb hisoblayman. Negaki, mazkur tizim saylovchini oʻzi yashab turgan joyga aloqador uchastka haqida maʼlumot olish imkoniyatini beradi. Saylov kuni ovoz berish uchun kelganlar SJBAT operatorlariga murojaat qilib, saylov byulletenini olib, ovoz berish kabinasida oʻz nomzodini belgilaydi. Natijada bir vaqtning oʻzida saylovda ishtirok etganlarning toʻliq roʻyxati avtomatik tarzda shakllantiriladi. Bu bir shaxsning bir necha marotaba ovoz berishi yoki bir kishining butun oila aʼzolari uchun ovoz berishining oldini olishga xizmat qiladi. Ayni jihat saylovlarning shaffofligini yanada kengroq taʼminlashi bilan ham alohida ahamiyatli, deb oʻylayman.
Tadbirda “Saylov – 2019” mobil ilovasi xususida ham soʻz yuritildi. Qayd etilishicha, unda saylovga oid qonun hujjatlari, saylov komissiyalari faollari haqida maʼlumotlar, saylovchilar, komissiya aʼzolari, siyosiy partiyalar va nomzodlar hamda kuzatuvchilar uchun uslubiy tavsiyalar, oʻquv materiallari, kitoblar va maqolalar, saylov mavzusi boʻyicha savol-javoblar oʻrin oladi. Shuningdek, saylovchilarga oʻz saylov uchastkasini topishida koʻmaklashish uchun maxsus havola ham joylashtiriladi.
Xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar kuzatuvchilarining ishtiroki demokratik saylovlarni ochiq va oshkora oʻtkazishning muhim shartlaridan biri hisoblanadi. Tadbirda shu haqda soʻz yuritilar ekan, xalqaro kuzatuvchilar avvalgi saylovlardagidan koʻra koʻproq boʻlishi, xususan, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YEXHT) vakillari saylovga tayyorgarlikdan to ovoz berishgacha boʻlgan barcha jarayonlarni kuzatishi aytib oʻtildi.
Markaziy saylov komissiyasi aʼzolarining soʻzlariga koʻra, ayni shu maqsadda Oʻzbekiston Markaziy saylov komissiyasi tomonidan YEXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosiga (DIIHB) Oliy Majlis Qonunchilik palatasi saylovlariga tayyorgarlikning borishini baholash uchun taklifnoma yuborilgan.
Ehtiyojlarni baholash boʻyicha missiya (EBM) saylovoldi muhiti va ularga tayyorgarlik jarayoni, mamlakatimizda erkin va demokratik saylovlar oʻtkazilishini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilgan chora-tadbirlarni ijobiy baholadi. YEXHT Doimiy kengashi tomonidan mamlakatimizda joriy yilda boʻlib oʻtadigan saylovlarga toʻlaqonli kuzatuv missiyasini yuborishni maqsadga muvofiq, deb topdi.
– Maʼlumot berilishicha, bu yil saylovlarda 20 milliondan ortiq saylovchi ishtirok etadi, – dedi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabasi Daler Mirzayev. – Shundan ikki millondan ziyod yoshlar ilk bor ovoz beradi. Men ularning safida ekanimdan xursandman. Chunki har bir ovoz kelajakka daxldor. Demak, Oʻzbekistonning ertasi, xalqimizning taqdirini hal etishda mening tanlovimni ham oʻz oʻrni boʻladi.