«Mening kasbim – mening kelajagim»
Guliston shahrida shu mavzuda Sirdaryo viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi hamda pedagogika kolleji hamkorligida seminar-trening tashkil etildi.
Tadbirda maktabgacha ta’lim boshqarmasi mutaxassislari, Guliston davlat universiteti pedagogika va maktabgacha ta’lim kafedrasi o‘qituvchilari, maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktorlari, uslubchilari, pedagogika kolleji o‘qituvchilari va o‘quvchilari ishtirok etdi.
Seminar-trening qatnashchilariga mutaxassislar tomonidan maktabgacha ta’lim pedagogikasi, maxsus pedagogika va psixologiya, MTTda ta’lim-tarbiyaviy jarayonni va rivojlanish markazlaridagi faoliyatni tashkil yetish, bolalar adabiyoti kabi fanlar yuzasidan kerakli tavsiyalar berildi.

Seminar davomida ishtirokchilarga maktabgacha yoshdagi bolalarni jismoniy tarbiya bilan shug‘ullantirish, jismoniy va ruhiy rivojlanishi va 6 yoshli bolalar uchun majburiy tayyorlov guruhlarida «Koinot sirlari», o‘zbek bolalar adiblari, bolalar lug‘atini boyitishda ta’limiy o‘yinlar kabi muhim va qiziqarli mavzular yuzasidan ochiq darslar tashkil etildi.
Ushbu ochiq dars orqali o‘qituvchilarning kasbiy mahorati, malakasi, ta’lim-tarbiya jarayonida zamonaviy va yangi pedagogik texnologiyalardan foydalanish hamda o‘quvchilarni kasbga tayyorlash ishlarining tashkil etilishi bo‘yicha olib borilayotgan ishlari kuzatildi.
Guliston davlat universiteti o‘qituvchilari tomonidan «Mening kasbim-mening kelajagim» mavzusida mahorat saboqlari o‘tilib, mavzu yuzasidan o‘zaro tajriba almashildi.
Tadbir davomida tarbiyachining kasbiy kompetentligi, MTTlarda tashkil etilgan pedagogik amaliyotlarda nazariy va amaliy bilimlarning uzviyligi, tanlangan kasbimda mening erishgan yutuqlarim masalalari bo‘yicha o‘quvchilar, pedagogika kolleji sobiq o‘quvchilari, o‘qituvchilari va amaliyotchilar o‘zlari tanlagan kasblarini qanchalar yaxshi ko‘rishlari, erishgan yutuqlari va oldilariga qo‘ygan maqsadlari haqida qiziqarli va mazmunli suhbat olib bordi.

Seminar-trening davomida pedagogika kolleji o‘quvchilari ishtirokida davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus doirasida badiiy chiqishlar, sport tadbirlari va o‘quvchilar tomonidan ijodiy ishlari ko‘rgazmalari namoyishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir so‘ngida, ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javob oldi.
A.Qayumov, F.Toshmatov (surat), O‘zA