Mengziyo Safarov: “So‘qmoqdagi odamlar”
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida yangi kitob
Taniqli qadimshunos olim va adib Mengziyo Safarovning “So‘qmoqdagi odamlar” kitobi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida nashrdan chiqdi.
Mengziyo Safarov yurt, Vatan va tabiati shaydosi. Uning ushbu kitobi Seton Tompsonning “Yovvoyi yo‘rg‘a”, Chingiz aytmatovning “Alvido, Gulsari”, Tog‘ay Murodning “Ot kishnagan oqshom” qissalari singari nabotot va hayvonot olamining inja qirralarini aks ettiradi.
Adibning “Ayrishox”, “Ona kaklik”, “Lahza”, “Bedanalar” kabi qissa va hikoyalarida yovvoyi jonivorlaru qushlar hayoti o‘ziga xos zavq ila tasvirlangan.
Asarda Surxon vahasining boy tarixi, go‘zal tabiati, yuz yil oldingi va keyingi iqlimiy tahliliga oid “Sarbasta Surxon” essesi alohida muhabbat bilan o‘qiladi.
Adibning “Ona yer qo‘shig‘i” (1969), “Turnalar uchadi” (1972), Olis qirlar ortida” (1977), “Povest va hikoyalar” (1978), “Ona tuproq qo‘shig‘i” (1989) kabi kitoblari nashr etilgan.
Mengziyo Safarov umrining so‘nggi yillarida “Amudaryo” nomli nasriy asar ustida ishlagan, ammo unga so‘nggi nuqtani qo‘yish nasib qilmagan. Adib 1994 yilda vafot etgan.
“So‘qmoqdagi odamlar”ni o‘qing. Unda siz adibning qadrdon do‘sti, O‘zbekston xalq yozuvchisi Shukur Xolmirzayev ta’biri bilan aytganda: “O‘zbek prozasini o‘ziga xos yangi ohanglar bilan boyitib, adabiyotimizda yorqin iz qoldirgan surxondaryolik iste’dodli yozuvchi Mengziyo Safarovning ko‘hna va navqiron vohaning go‘zal tabiati, soddadil va oliyjanob odamlari, ularning quvonch va tashvishlarini qanchalar jonli tasvirlagan”iga amin bo‘lasiz.
O‘zA