Men vazifamni bajardim, xolos…
Koronavirus bilan kasallangan bemorlarni davolashga mening navbatim kelganida buni oddiy hol sifatida qabul qildim.
Koronavirus bilan kasallangan bemorlarni davolashga mening navbatim kelganida buni oddiy hol sifatida qabul qildim. Oʻzimni vazifamni bajarishga kirishayotgan mutaxassisday his qildim, undan ortiq emas.
Oilamdagilar ham kasbimni juda yaxshi tushunishadi va bu yerda 14 kun mobaynida, bugun koʻpchilikni oʻylantirayotgan koronavirus bilan xastalangan bemorlarni davolash uchun ishlashimga qarshilik qilishmadi.
Men yuqumli kasalliklar shifoxonasida ishlayman, axir.
Boshqa paytlarda ham ehtiyotkorlik va yuqori masʼullik bilan faoliyatimizni amalga oshirishim lozim. Chunki shifoxonamiz oʻz nomi bilan boshqa tibbiyot muassasalariga qaraganda turli xastaliklar yuqtirib olish xavfi yuqori boʻlgan muassasa sanaladi. Biz doimiy ravishda ehtiyotkorlik choralari koʻrish boʻyicha oʻquv-seminarlarda, amaliy mashgʻulotlarda ishtirok etganmiz.
Shuning uchun shifokorlar oʻrtasida xavotirga tushib qolish holatlari sodir boʻlgani yoʻq. Ammo bemorlar orasida biroz qoʻrquv, vahimaga tushib qolish boʻldi. Ularga koʻproq ruhiy dalda berishimizga toʻgʻri keldi. Muolajalarning barchasi aniq talablar asosida olib borildi. Hammasi yuqori tashkilotchilik va hamjihatlik bilan amalga oshirilgani biz, tibbiyot xodimlariga ham dalda boʻldi.
Mashhura ABDUGʻANIYEVA,
Samarqand viloyati yuqumli
kasalliklar shifoxonasi shifokori