“Men vatanparvarlikni qanday tushunaman?”
O‘zbekiston Respublikasi Xavfsizlik va mudofaa universitetida tashkil etilgan muloqot har bir ishtirokchi ushbu savolga javob topishga urinib ko‘rgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda “Vatanparvarlikni yuksaltirish: ilmiy-nazariy asoslar, milliy an’analar va zamonaviy yondashuv” mavzusida respublika miqyosida o‘tkazilgan ushbu ilmiy-amaliy konferensiya samimiy va jonli muloqot tarzida tashkil etildi.
Videokonferensiya tarzidagi ma’rifiy tadbirda mamlakatimizning 97 ta o‘quv maskanidan 15 ming nafardan ziyod yoshlar qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Anjuman avvalida yosh muxbirlar tomonidan tayyorlangan “Vatanparvarlikni men qanday tushunaman?! nomli videolavha namoyish etildi. Hayotiylik va reallikka asoslanib tasvirga olingan ushbu videolavha tili, millati, diniy e’tiqodidan qat’i nazar, barcha yurtdoshlarimizning vatanparvarlik haqidagi tushuncha va tasavvurlarini haqqoniy, boricha aks ettirgani bilan ishtirokchilar e’tiborini jalb etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Xavfsizlik va mudofaa universiteti boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, general-mayor Farhodjon Shermatov bugun dunyo shiddat bilan o‘zgarib borayotgan murakkab bir davrda yoshlarni haqiqiy vatanparvar insonlar etib kamolga yetkazish g‘oyat muhim ekanini ta’kidladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi direktori, polkovnik, tarix fanlari doktori Baxtiyor Hasanov yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda tarixning o‘rni va ahamiyati xususida gapirdi.
– O‘tmishda yuz bergan holatlarning sabablarini o‘rganish, istiqlolning qadriga yetish, uning naqadar oliy ne’mat ekanini teran his qilish uchun ham tarixni bilish muhimdir, – dedi Baxtiyor Hasanov. – Shu sababli davlatimiz rahbari g‘oyasi asosida mamlakatimizning barcha hududlarida muzeyimizning filiallari tashkil etildi. Ularda jadidlarning istiqlol yo‘lida aziz umrini bag‘ishlaganiga oid ma’lumotlar bor.
– Vatanparvarlik qonga, jonga, yurakka jo bo‘lishi kerak, – dedi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid. – Aslida, ijodkorning uyg‘oq qalami, har bir yurtdoshimizning Vatan ravnaqi yo‘lidagi halol mehnatlari, yoshlarimizning yaxshi o‘qishi, namunali xulqi, istiqlol ne’matlarining qadriga yetishi ham vatanparvarlik namunasidir.
Anjumanda olimlar, ijodkor ziyolilar jadidchilik davri millat oydinlarining vatanparvarlik ibratini ma’rifat asosida qayta tiklanishi, vatanparvarlikni yuksaltirishda milliy, tarixiy merosning o‘rni, yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘ularini oshirishda milliy qadriyatlar va an’analarning ahamiyati xususida batafsil so‘zladi.
“Turon” teatr-studiyasi tomonidan teatrlashtirilgan badiiy dastur namoyish etildi. Mazkur universitetga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan badiiy adabiyotlarning muhtasham to‘plami tuhfa etildi.
Anjuman talaba-yoshlar, o‘quvchilar, harbiy bilim dargohi kursantlarida katta taassurot qoldirdi.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri