Men qondagi qand miqdorini tekshirdim, siz-chi?
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, hozirgi kunda dunyoda 400 million nafardan ziyod kishi qandli diabetga chalingan. Tahlillarga ko‘ra, ushbu ko‘rsatkich 2030 yilga borib 550 milliondan oshishi mumkin.
Sirdaryoda viloyatida ham 10 ming 600 nafardan kishi qandli diabet bilan dispanser nazoratiga olingan. Oxirgi 3 yilda bu kasallik soni bir muncha ortgan. Birgina joriy yilning o‘zida sirdaryolik endokrinologlar tomonidan diabet va diabet oldi holatlari uchun viloyatning shahar va tumanlarida o‘tkazilgan maqsadli skrining tekshiruvlarda 131 ming 638 nafardan ortiq aholi qamrab olingan. Ularning 1778 nafarida qandli diabet, 4720 nafarida diabet oldi holati, 8370 nafarida semizlikka moyillik holatlari aniqlangan.
Ma’lumki, sohadagi mavjud muammolarni hal qilish va endokrin kasalliklarning oldini olish, erta tashxislash va davolash maqsadida ishlab chiqilgan Milliy dastur doirasida “Yo‘l xaritasi” belgilangan.
– Olib borilgan tadqiqotlar, o‘rganishlar natijasida viloyatda qandli diabet bilan kasallangan bemorlar soni kelgusida 2-3 martaga oshishi mumkin, – deydi Guliston tibbiyot klasteri endokrinologiya-terapiya bo‘limi mudiri Xushnida Yassakova. — Bu holatni oldini olish maqsadida har bir hududdagi "salomatlik maktablari"da, mahallalardagi bemorlarga, shuningdek, diabetga moyilligi bor, ortiqcha vaznli aholiga kasallikni boshqarish o‘rgatilmoqda. Misol uchun shifoxonamizda "bolalar diabet maktabi" tashkil etilib, 1-6 yoshgacha diabeti bor bolalarning ota-onasiga, 7 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar va o‘smirlarga diabet bilan yashashni o‘rgatish, ya’ni o‘z kasalligini boshqarish, insulin qabul qilish, to‘g‘ri ovqatlanish, sport bilan shug‘ullanishga o‘rgatish yo‘lga qo‘yilgan.
Noyabr – "Qandli diabet" oyligi doirasida Guliston shahar tibbiyot birlashmasiga qarashli ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikada hamda A. Navoiy nomli viloyat Axborot kompyuter kutubxonasida "Men qondagi qand miqdorini tekshirdim. Sizchi?" aksiyasi o‘tkazildi. Aksiya doirasida aholining 40 yoshdan 65 yoshgacha bo‘lgan vakillari qonda qand miqdorini aniqlash hamda malakali endokrinolog ko‘rigi va kerakli tavsiyalariga ega bo‘lishgan edi. Bunday tadbirlar esa joylarda davom etmoqda.
Sh.Suyarov,
O‘zA.