Men o‘z kelajagim uchun ovoz berdim
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni loyihasi bo‘yicha Buxoroda muddatidan oldin ovoz berish jarayoni davom etmoqda.
– Men 599-referendum uchastkasida a’zo sifatida muhim siyosiy jarayonga hissamni qo‘shyapman, – deydi fuqaro Lola Po‘latova. –Chunki joriy yilning 30 aprel kuni ovoz berish bilan bog‘liq ishlar qizg‘in tus oladi. Shu bois o‘zim ro‘yxatda bo‘lgan G‘ijduvon tumanidagi 541-referendum uchastkasiga kelib, muddatidan oldin o‘z kelajagim uchun ovoz berdim.
– Muhim siyosiy jarayonda ovoz beruvchilarga noqulaylik yaratmaslik maqsadida referendum uchun muddatidan oldin ovoz berdim, – deydi Jondor tumanidagi 6-maktabda joylashgan 253-saylov uchastkasi a’zosi Feruz Tursunov. – 30 aprel sanasida Ko‘liyon qishlog‘i atrofidagi aholi referendumda faol ishtirok etishi maqsadida barcha zaruriy choralarni ko‘rganmiz. Ayni paytda mazkur ishda o‘zimiz tashabbus ko‘rsatib, siyosiy qarashimizni ifoda etmoqdamiz.

Lola Po‘latova, Feruz Tursunov kabi referendum kuni ma’lum sababga ko‘ra, o‘z turar joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan fuqarolar yashash hududlaridagi uchastkalarda muddatidan oldin ovoz berish jarayonlarida ishtirok etmoqda.
Ma’lumot uchun, muddatidan oldin ovoz berish jarayoni 26-aprelga qadar davom etadi. Referendum uchastkasida muddatidan oldin ovoz berish vaqti ish kunlari soat 9:00 dan soat 18:00 ga qadar, dam olish va bayram kunlari soat 12:00 dan soat 16:00 ga qadar amalga oshiriladi.
Muddatidan oldin ovoz berish uchun fuqaro referendum uchastkasiga shaxsini tasdiqlovchi hujjat bilan borishi kerak.
Zarif Komilov, O‘zA