Men o‘z kelajagim uchun ovoz beraman
Mamlayeatimizda 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga ham sanoqli kunlar qoldi. Ayni kunlarda saylovga qizg‘in tayyorgarlik ishlari ko‘rilmoqda.
Men mazkur onlarni o‘zgacha hayojon va intiqlik bilan kutmoqdaman. Boisi, yosh saylovchilar qatorida birinchi marta o‘z ovozimni beraman. Albatta men O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi sifatida mana shunday muhim siyosiy jarayonlarga e’tiborsiz bo‘la olmayman.
Saylovda ishtirok etish Konstitutsiyaviy huquqiy burchim, jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ishtirok etishim uchun imkoniyat ekanligini, biz yoshlar saylovlarda faol ishtirok etib, davlatimiz kelajagiga sadoqat bilan xizmat qilishi mumkin bo‘lgan eng munosib nomzodlarga, vatanimizning ravnaqi va kelajagi uchun ovoz berish ekanligini chuqur anglab yetdim.
Biz, yoshlarning o‘z saylov huquqimizni amalga oshirishimiz davlat boshqaruvida ishtirok etishimizning eng asosiy shakllaridan biridir.
O‘z navbatida siyosiy partiyalar tomonidan o‘tkaziladigan saylov oldi targ‘ibot ishlarida faol ishtirok etib, ular tomonidan taklif qilinayotgan saylov oldi dasturlari bilan yaqindan tanishib chiqayapman. Ӯzim eng munosib deb topgan siyosiy partiya dasturidan kelib chiqib, mazkur partiyadan ko‘rsatilgan nomzodlarga o‘z ovozimni beraman.
Shuningdek, saylov o‘tkazish tartib qoidalari bo‘yicha o‘z bilimimni mustahkamlab borishga harakat qilmoqdaman. Saylov o‘tkazish har bir davlatning konstitutsiyaviy huquqiy hujjatlarida belgilangan. Saylovda men singari birinchi marta ishtirok etayotgan yoshlar ovoz berish tartibi va qoidalari haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lishi zarur.
O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 3-moddasida mamlakatimizda saylov umumiy, teng, to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish orqali hamda ochiq va oshkora o‘tkazilishi belgilangan. Shuning uchun 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi odilona tarzda bo‘lib o‘tishiga katta ishonch bildiraman. Men kelajagim uchun, xalqimizning ertangi taqdiri uchun eng munosib deb topgan nomzodimga ovoz beraman.
Venera JOLDASBAEVA,
Samarqand veterinariya meditsinasi instituti Nukus filiali talabasi.
O‘zA