Men ilk marotaba deputat etib saylandim
Prezidentimiz Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasiga navbatdagi Murojaatnomasida o‘tgan yil davomida qilingan ishlar sarhisobi bilan bir qatorda keyingi yilda qilinishi va xalqimiz farovonligi hamda manfaati uchun zarur bo‘lgan aniq maqsadli vazifalar xususida to‘xtalib o‘tdi.
Prezidentimiz Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasiga navbatdagi Murojaatnomasida o‘tgan yil davomida qilingan ishlar sarhisobi bilan bir qatorda keyingi yilda qilinishi va xalqimiz farovonligi hamda manfaati uchun zarur bo‘lgan aniq maqsadli vazifalar xususida to‘xtalib o‘tdi.
Dastlab 2019 yilning 22 dekabrida mamlakatimizda bo‘lib o‘tgan saylovlar haqida to‘xtalib o‘tar ekan, avvalo, ushbu saylovlarning samarali o‘tganligini e’tirof etildi. Murojaatnomaning men uchun ahamiyatli jihati shundaki, men ilk marotaba deputat etib saylandim. Nutq davomida deputatlarga qilingan alohida murojaat har bir deputatning mas’uliyati va e’tiborini oshirdi. Aholi ko‘targan dolzarb masalalarni hal etish bo‘yicha aniq dastur va yo‘l xaritasini ishlab chiqish hamda ularni mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda to‘liq amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.
Aks holda deputatlarga ishonch bildirgan saylovchilar oldidagi obro‘si bo‘lmasligi qayd etildi. Bugun mamlakat rahbari ta’kidlaganidek, xalqning tafakkuri ham, dunyoqarashi, talab hamda ehtiyojlari ham butunlay o‘zgargan. Buni saylovoldi uchrashuvlarimiz va siyosiy partiyalar o‘rtasidagi debatlarda aholi berayotgan savollar, ko‘tarilayotgan aniq masalalardan ham ko‘rgan edik.
Murojaatnomani tinglab kutganimizdan ziyodroq narsalarni oldik. Chunki, unda bir qator tarixiy tashabbuslar ilgari surildi.
Jumladan, oliy ta’limga qabul kvotalarini doimiy ravishda oshirib borish, kirish imtihonlarini soddalashtirish, davlat grantini ikki baravarga ko‘paytirish, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, tadbirkorlar uchun byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, dorilarning elektron reestrini yaratish, o‘qituvchi va shifokor maqomini yanada mustahkamlash va ularning oylik ish haqlarini oshirish, korrupsiyaga qarshi kurashish, ichki ishlar organlarini xalqona tizimga aylantirish kabi taklif-tashabbuslar barcha-barcha yurtdoshlarimizni yuragigacha yetib bordi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Joriy yilga Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili, deb nom berilgani ham mamlakatimizning kelgusi 10 yillikdagi asosiy yo‘nalishini belgilab beradi. Zero, ilm-fanni rivojlantirmasdan turib, yorqin kelajakni tasavvur etib bo‘lmasligi ayni haqiqatdir. Ertangi kunimiz farovon bo‘lishini istar ekanmiz, iqtisodiyotimiz va barcha sohalar raqamlashtirilishi lozim.
Murojaatnomada ko‘plab sohalar korrupsiya illatidan chiqa olmayapti, demak bu illatga qarshi kurashish mamlakatimizning navbatdagi islohotlar davrining eng asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda, deya ta’kidlandi. Endilikda mazkur “oyog‘imizdagi kishan”ga qarshi so‘zda emas, amalda jiddiy kurash boshlanmoqda. Bu kurashga mas’ul qilib avvalgidek, turli idoralar yoki jamoatchilik asosidagi komissiyalar emas, alohida, kuchli organ belgilandi. Parlament oldiga ham sohaga oid qonunchilik bazasini takomillashtirish vazifasi qo‘yildi.
Qilinayotgan ishlar, olib borilayotgan islohotlar orqali biz buyuk kelajakka tobora yaqinlashmoqdamiz. Xalqimiz buni ich-ichidan sezmoqda, ertamiz farovon bo‘lishiga ishonmoqda.
Bizning asosiy maqsadimiz vazifalar ijrosini ta’minlash orqali ana o‘sha ishonchni oqlashdan iborat. Murojaatnomada ko‘rsatilgan vazifalar bekami-ko‘st bajarilishi va uning ijrosini nazorat qilish Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyamiz va biz — joylardagi mahalliy kengash deputatlaridan alohida mas’uliyat talab etiladi.
Doniyor YuSUPOV,
Xalq deputatlari Toshkent viloyati Qibray tumani Kengashi deputati