«Men ham kitob o‘qiyman»
Kitob, ayol va mutolaa haqida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi O‘quv zallari xizmati rahbari Odina Hamidova bilan suhbatlashdik.
Odina opa, bugun ayol yozuvchilar adabiyotimiz rivojida, kitobxonlik rivojiga munosib hissa qo‘shib kelmoqdalar. Shu haqda fikringizni bilmoqchi edik.
– Ayol qalami bilan yozilgan asarlarda inson hayotining juda nozik, lekin hammaga tanish jihatlari bor. Ona bo‘lish, farzand tarbiyasi, muhabbat, oila, orzu, dard, sabr, jamiyatda o‘z o‘rnini topish... Bularning barchasi adabiyotda o‘z aksini topadi. Ayol yozuvchi faqat ayollar haqida yozmaydi. U inson haqida yozadi. Shuning uchun Nodira, Uvaysiy, Zulfiya kabi ijodkorlarni o‘qish –faqat adabiyot tarixini o‘rganish emas. Bu o‘zligimizni, xotiralarimizni, milliy ruhimizni yaxshiroq anglash imkoni hamdir.
Demak, kutubxona uchun ayollar adabiyoti faqat kitob javonida turgan asarlar emas?
– Kitob javonda tursa, u hali o‘z vazifasini bajarib bo‘lmagan bo‘ladi. Kitob qo‘lga olinsa, o‘qilsa, muhokama qilinsa, kimningdir qalbiga ta’sir qilsa – ana shunda u yashaydi. Milliy kutubxonaning vazifasi ham faqat kitoblarni saqlash emas. Biz ularni odamlarga yetkazishimiz, ayniqsa yoshlarga qiziqarli qilib taqdim etishimiz kerak. Bugungi o‘quvchi kitobni faqat kitob javonidan qidirmaydi. U telefondan, kompyuterdan, elektron katalogdan qidiradi. Shuning uchun biz ham zamon bilan birga harakat qilishimiz kerak.
Masalan, Nodiraning ijodiga bugungi yosh qanday yetib boradi?
– Buning imkoniyatlari ancha ko‘p. Milliy kutubxonaning elektron resurslarida Nodira ijodiga oid raqamlashtirilgan nashrlar mavjud. Masalan, «Nodira — Komila» to‘plami, Nodiraning «Devon»i kabi manbalar elektron shaklda o‘quvchi uchun yanada yaqinlashadi. Bu juda muhim. Chunki ilgari biror kitobni topish uchun kutubxonaga kelish, katalogdan izlash kerak bo‘lgan bo‘lsa, bugun ayrim manbalarga raqamli muhit orqali murojaat qilish mumkin. Eng muhimi, yosh insonda: «Nodira — tarixda qolgan shoir» degan tushuncha emas, «Nodiraning she’rlarini men ham o‘qib ko‘rsam bo‘lar ekan», degan qiziqish uyg‘onishi kerak.
Sizcha, kitob o‘qishga yoshlarni qanday qilib qiziqtirish mumkin?
– Mutolaaga qiziqtirish uchun «Kitob o‘qish kerak!» deb qayta-qayta aytish shart emas. Odamga kitobning nimasi qiziq ekanini ko‘rsatish kerak. Masalan, yoshlarga «bu kitobni o‘qishing shart» desangiz, balki o‘qimasligi ham mumkin. Ammo «bu kitobda sening hayotingga o‘xshash bir voqea bor», desangiz, qiziqib qolishi mumkin.
Bolalarga ham xuddi shunday. Avvalo kitobni sevdirish kerak. Keyin mutolaa odatga aylanadi.
Ayollar bu jarayonda qanday rol o‘ynaydi?
– Juda katta rol o‘ynaydi.Chunki ko‘pincha bolaning kitob bilan birinchi tanishuvi oilada boshlanadi. Ona bolasiga ertak o‘qib berishi mumkin. Ona o‘zi kitob o‘qisa, bola uni ko‘radi. Uyda kitob haqida gaplashilsa, kitob oddiy hayotning bir qismiga aylanadi.
Shu ma’noda «ona o‘qiydi — farzand o‘qiydi» degan oddiy haqiqat bor.Biz Milliy kutubxonada ham onalarning kitobxonlikdagi o‘rniga alohida e’tibor qaratamiz.
«Kitobxon onalar» tashabbusi ham shu maqsadda yo‘lga qo‘yilganmi?
– Ha. Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi bilan birgalikda «Kitobxon onalar kuni» doirasida tashkil etiladigan tadbirlar aynan shu g‘oyaga xizmat qiladi. Bizda bu kabi uchrashuvlar, suhbatlar, adabiy tadbirlar nafaqat Toshkentda, balki hududlardagi axborot-kutubxona markazlari ishtirokida ham o‘tkaziladi. Onlayn formatlar, jumladan Zoom orqali muloqotlar ham yo‘lga qo‘yilgan. Buning yaxshi tomoni – kitobxonlik faqat bir binoda qolib ketmaydi. Turli hududlardagi ayollar ham bir-biri bilan fikr almashishi, kitob haqida suhbatlashishi mumkin.
Siz uchun «kitobxon ona» deganda qanday ayol ko‘z oldingizga keladi?
– Kitobxon ona — har kuni yuzlab bet kitob o‘qib o‘tiradigan inson, degani emas. Ba’zan charchagan ona kechqurun bolasi uxlagandan keyin o‘n bet kitob o‘qiydi. Lekin o‘sha o‘n bet uning qalbida bir fikr qoldirishi mumkin. Keyin farzandiga: «Bilasanmi, men bugun bir qiziq narsa o‘qidim...» deydi. Mana shu suhbatning o‘zi ham kitobxonlikning boshlanishi. Shuning uchun «men kitob o‘qishga vaqt topolmayman» degan onalarga ham aytardim: katta maqsaddan boshlamang. Kuniga 10–15 daqiqa bo‘lsa ham, o‘zingiz uchun kitob oching.
Milliy kutubxonada zamonaviy ayol yozuvchilarga ham e’tibor qaratiladi, to‘g‘rimi?
– Albatta. Adabiyot faqat klassiklardan iborat emas. Bugun ijod qilayotgan ayol yozuvchi va shoiralar ham adabiy jarayonning bir qismi. Farida Afro‘z, Munavvara Usmonova, Shahodat Isaxonova, Halima Ahmedova, Zulfiya Mo‘minova, Zebo Mirzo, Gulchehra Shahobiddin qizi - To‘maris, Salomat Vafo, Zulfiya Qurolboy qizi, Risolat Haydarova, Guljamol Asqarova va boshqa ko‘plab ijodkorlar o‘z asarlari bilan zamonaviy adabiyotda o‘z o‘rniga ega. Ularning ijodida bugungi insonning o‘ylari, oila, munosabatlar, ma’naviyat, jamiyat, ayol taqdiri kabi mavzular turli shakllarda aks etadi. Biz uchun muhimi – kitobxon zamonaviy muallif bilan ham uchrashishi, uni eshitishi, savol berishi, kitobini qo‘liga olishi.
Shuning uchun kutubxonada ijodkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkaziladimi?
– Ha. Adabiy uchrashuvlar, kitob taqdimotlari, davra suhbatlari, ijodiy kechalar shunday imkoniyat yaratadi. Masalan, «So‘z» loyihasi doirasida muallif va kitobxon o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilishga e’tibor qaratiladi. Menimcha, bu juda muhim. Chunki ba’zan kitobni o‘qishdan oldin muallifning o‘zi bilan suhbatlashish insonda qiziqish uyg‘otadi.
«Bu kitobni o‘qib ko‘rish kerak ekan», degan fikr paydo bo‘ladi.
Mumtoz adabiyotimizdagi ayol shoirlar bilan bugungi ayol ijodkorlar o‘rtasida qanday bog‘liqlik bor?
– Vaqt, so‘z, mavzularning ifodalanish shakli o‘zgaradi. Ammo inson qalbidagi ayrim tuyg‘ular o‘zgarmaydi. Nodirani o‘qiganimizda muhabbat, vafo, dard, inson qadri haqida o‘ylaymiz. Bugungi shoirani o‘qiganimizda ham shunga yaqin hislarni boshqacha so‘zlar bilan uchratishimiz mumkin.Shuning uchun avlodlar o‘rtasida adabiy muloqot bo‘lishi kerak.
Kechagi kitob bilan bugungi kitob bir-biriga raqib emas. Ular bir-birin to‘ldiradi.
Suhbatimizni bir oddiy savol bilan yakunlasak. Bugun kitob o‘qishni boshlamoqchi bo‘lgan onaga nima degan bo‘lardingiz?
- «Bo‘sh vaqtim bo‘lsa, kitob o‘qiyman», demang. Chunki bo‘sh vaqt kamdan-kam paydo bo‘ladi.
«Kuniga 15 daqiqa o‘zim uchun kitob o‘qiyman», deng. Farzandingiz ham sizni ko‘radi. Balki ertaga u: «Oyi, men ham kitob o‘qiyman», der. Menimcha, kitobxon jamiyatni katta shiorlar emas, ana shu kichik odatlar yaratadi. Bir ona kitobni ochadi. Bir bola onasini ko‘rib kitobga qo‘l uzatadi. Keyin u bola katta bo‘lib, yana birovga kitob tavsiya qiladi. Kitobxonlik shunday yoyiladi. Shuning uchun men barcha onalarga bitta gapni aytgan bo‘lardim:
Bugun o‘zingiz uchun bitta kitob oching. Hatto o‘n bet bo‘lsa ham. Balki shu o‘n bet ertangi bir katta odatning boshlanishi bo‘lar. Muhimi – farzandingizga kitobni «o‘qi» deb tutqazmang. Eng avvalo kitobni o‘zingiz o‘qing. Chunki bola ko‘pincha aytganimizni emas, qilganimizni takrorlaydi. Kitobxon ona – kitobxon farzand uchun eng chiroyli namuna.
O‘zA muxbiri Nazokat Usmonova suhbatlashdi.