“Men giyohvandlikka qarshiman!” ko‘rik-tanlovi
O‘quvchilarda vatanparvarlik tuyg‘ularini rivojlantirish, sog‘lom turmush tarziga rioya etish, yot g‘oyalarga qarshi immunitetni shakllantirish va ijodiy salohiyatni oshirish, giyohvandlikning jamiyat va shaxs uchun yomon ta’sirini tushuntirish maqsadida Sirdaryoda “Men giyohvandlikka qarshiman!” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi o‘tkazildi.
9-11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida ikki yo‘nalishda, ya’ni insho va tasviriy san’at bo‘yicha tanlovlar tashkil etildi. Unda tuman, shahar bosqichlarida qatnashib 1-o‘rinni egallagan 20 nafar yosh o‘zlarining ijodiy qobiliyatini namoyon etib, faxrli o‘rinni qo‘lga kiritish uchun harakat qilishdi.

Insholar yo‘nalishi bo‘yicha Mirzaobod tumanidagi 1-umumta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi So‘g‘diyona Hazratqulova, tasviriy san’at yo‘nalishi bo‘yicha Guliston shahridagi 11-umumta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi Nazira Jumanazarovalar faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Asosiysi, ular insho va tasviriy san’at yo‘nalishi orqali giyohvandlik, uning salbiy oqibatlari to‘g‘risidagi fikrlarni namoyish etishdi.
Tanlov g‘oliblari diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Bundan tashqari, insho va tasviriy san’at yo‘nalishlari bo‘yicha 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan o‘quvchilar Respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdilar.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri