Mehr ko‘rsatgan, mehr ko‘radi
Inson yoshi ulg‘aygani sayin keksalik davrini maroqli o‘tkazishni istaydi.
Kimdir keksayganida ko‘ziga nur, beliga quvvat bo‘lguvchi farzandlari borligidan quvonsa, yana kimdir bankdagi hisob raqamidagi pullari keksalikda asqatishini o‘ylab o‘zini ovutadi.
Taqdir taqozosi tufayli oramizda oila qurmagan, farzandlari, yaqinlari yo‘q yolg‘iz keksalar ham bor. Xo‘sh, ana shunday yakka-yolg‘iz keksalarga kim qaraydi? Ularning og‘irini yengil qiluvchi, xolidan xabar oluvchi odamlar bormi?
Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda yakka-yolg‘iz qariyalarga respublikamizning barcha tuman va shaharlarida tibbiyot birlashmasining nogironlar, keksalar va aholining boshqa qatlamlariga tibbiy, ijtimoiy yordam ko‘rsatish bo‘limi tomonidan ko‘mak beriladi. Bunday keksalar ikki toifaga bo‘linadi. Birinchi toifaga o‘zgalar parvarishiga muhtoj, hech kimi yo‘q keksalar va nogironlar kirsa, ikkinchi toifadagilar o‘zgalar parvarishiga muhtoj (yaqinlari vaqtinchalik xorijda yoki jazoni ijro etish muassasasida bo‘lgan) yolg‘iz yashaydigan keksalar va nogironlardan iborat.
Birinchi toifadagi keksalarga davlat tomonidan har oyda oziq-ovqat mahsulotlari bepul beriladi. Ikkinchi toifadagilarga esa, asosan, homiylar tomonidan yordam ko‘rsatiladi. Ikkala toifadagi qariyalarga ham ijtimoiy xodimlar biriktirilib, ularga amaliy ko‘maklashiladi. Qonunan haftasiga ikki marta, pensioner xohishiga ko‘ra, 3-4 marta ham ko‘mak ko‘rsatilishi mumkin.
Yakka-yolg‘iz yashovchi qariyalarni aniqlash tartibi qanday?
–Bunday keksalar haqida qo‘shnisi yoki tanishlari tuman (shahar) tibbiyot birlashmasiga xabar berishi mumkin,– deydi Bektemir tumani, “Majnuntol” MFY raisi o‘rinbosari Dildora Mustafoqulova.– Murojaatdan so‘ng mahalla fuqarolar yig‘ini qoshidagi ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash komissiyasi a’zolari bunday qariyalarni ro‘yxatga olish masalasini o‘rganib chiqishadi. Yolg‘iz keksaning holati belgilangan mezonlarga to‘g‘ri kelsa, tuman yoki shahar hokimi qaror chiqarib, unga shtat asosida ishlayotgan ijtimoiy xodim biriktiriladi. Ayni paytda mahallamizda bir nafar yakka-yolg‘iz qariya bor. Li Margarita Petrovna ismli qariyaning hech kimi yo‘q. Ammo sog‘lom, o‘zini-o‘zi eplaydi. Undan homiylar, deputatlar tez-tez xabar olib turishadi.
Mutaxassislarning ma’lumot berishicha, yakka-yolg‘iz qariyalarga biriktirilgan ijtimoiy xodim qariyaning uyini tozalash, bozor-o‘charlarini qilish, shifokor retsepti asosida dori-darmon olib berishda ko‘maklashadi. Qariyalar kasalxonaga yotqizilganda doimiy xabar olib turadi. Yolg‘iz keksalarning xohishiga qarab, bir yilda bir marotaba dam olish oromgohiga bepul yo‘llanma beriladi.
Bundan tashqari, shifokor tavsiyasi asosida eshitish moslamasi, hassa, qo‘ltiqtayoq, nogironlar aravachasi ham olib beriladi.
Ijtimoiy xodimlar va yakka-yolg‘iz keksalar suhbatidan shuni sezdikki, yurtimizda hech bir inson e’tiborsiz hamda g‘amxo‘rliksiz qolmaydi. Bunday keksalar ayrimlarining farzandlari borligini, ular mahallada yashab turib, ota-onasini davlat gardaniga tashlab qo‘yganini ham eshitdik. Aslida ota-onaga g‘amxo‘rlik qilish farzandning qonuniy burchi hisoblanadi. Mahalla faollari bunday farzandlar bilan qayta-qayta tushuntirish ishlari olib borishiga qaramay, o‘z ota-onasidan voz kechish haqida tilxat ham yozib bergani haqidagi tafsilotlarni kuyunib so‘zlab berishdi. Keksalik barchamizning qismatimizda bor. Hademay, ko‘zimizdan nur, belimizdan kuch-quvvat ketadigan pallaga yetganimizni sezmay ham qolamiz. Shu sabab, hozir ularga mehr ko‘rsatsak, biz ham mehr ko‘ramiz.
Nigora Rahmonova, O‘zA