Mehnatkashlarni sog‘lomlashtirish yo‘lida
Qaysiki yurtda har bir inson hayoti, qadri, uning sog‘lig‘iga e’tibor yuksak darajada bo‘lar ekan, bu albatta, o‘sha mamlakatning kelajagi barqarorligi, odamlar turmushining obodligidan darak beradi.
bugungi kunda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy va intellektual manfaatlarini himoya qilish bilan birga, xalqimizni sog‘lomlashtirish yo‘nalishida ham samarali faoliyat olib bormoqda.
Xususan, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tasarrufida 24 ta sanatoriy va bitta dam olish uyi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, yurtdoshlarimizga hamda xorijiy davlatlar fuqarolariga samarali xizmat ko‘rsatib kelmoqda.
Mazkur yo‘nalishdagi ishlar ko‘lamini kengaytirish, mehnatkashlarni sifatli sog‘lomlashtirish bilan yanada kengroq qamrab olish maqsadida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi yangi sanatoriylarni barpo etish va mavjud sihatgohlarning qabul quvvatini oshirish, kapital ta’mirlash, rekonstruksiya qilish hamda moddiy-texnik negizini mustahkamlash, shu bilan birga yangi ish o‘rinlarini tashkil etish borasida ham tizimli ishlarni olib bormoqda. Xalqimiz salomatligini mustahkamlash ishlari sifati oshirilib, imkoniyatlar kengaytirilmoqda.
Xususan, oxirgi 5 yil davomida Federatsiya tomonidan yangi sanatoriylar, dam olish uylari, mehmonxonalar, bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarini qurish, mavjud sanatoriylarni zamonaviy tibbiy texnika vositalari, mebel jihozlari bilan ta’minlash, mehnatkashlar farzandlarini sog‘lom qilib voyaga yetkazishga xizmat qiluvchi sport maktablarini ochish ishlariga jami 653 milliard 579 million so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
Jumladan, Sirdaryo viloyatida “Yangiyer”, Toshkent viloyatida “Ko‘hinur”, Surxondaryo viloyatida “Xo‘jaipok” sanatoriylari, “Xo‘jaipok ota dam olish maskani” barpo etilib, foydalanishga topshirildi.
“Zomin” sanatoriysida yangi ona va bola bo‘limi, “Oqtosh” sanatoriysida yotoq va oshxona binosi, “Oq tosh shabboda” sanatoriysida yotoq binosi, “Turon” va “Umid gulshani” sanatoriylarida oshxona barpo etildi.
Yuqoridagi ishlar natijasida qo‘shimcha ravishda jami 1 ming 227 ta yangi ish o‘rni va 2 ming 286 nafar dam oluvchi uchun yangi yotoq o‘rni tashkil etilib, yiliga qo‘shimcha ravishda 68 580 nafar fuqaroni dam oldirish va sog‘lomlashtirish imkoniyati yaratildi.
Bularning barchasi mehnatkashlar salomatligini mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi
matbuot xizmati.