Mehnatimdan zavq olaman
Yurtimizning qadim hunarmandchilik namunalari sayyohlarni doimiy hayratga solib kelgan. Hozirda buxorolik usta tomonidan XIX asrga oid noyob buyumlar qaytadan o‘z holiga qaytarilmoqda.
Buxoro davlat muzey qo‘riqxonasida 5 mingdan ortiq matolar saqlanadi. Ular turli davrlarga oid bo‘lib, har birining o‘z tarixi bor. Xalqimizning boy madaniyati, an’analari va turmush tarzi haqidagi ma’lumotlarni o‘zida mujassam etgan bu liboslar hozirda mahalliy mutaxassislar tomonidan qayta tiklanmoqda.

Mutaxassislaring ta’kidlashicha, tarixning yordamchi sohasi bo‘lgan mato restavratsiyasi uncha rivojlanmagan. Sanoqli va yirik muzeylardagina bunday faoliyat mavjud. Buxoroda ham endilikda dizaynerlik yo‘nalishida tahsil olgan Mastura Fayziyeva ushbu sohani chuqur o‘zlashtirib, tarixiy ashyolarga qayta hayot baxsh etmoqda.
– Ayni paytda qadimiy ko‘ylaklarda restavratsiya va konservatsiya ishlarini olib bormoqdaman. XIX asr oxiri XX asr boshlariga oid matolarni namoyishga qaytarish uchun bor mahoratimni ishga solmoqdaman. Matoga zarar yetkazmay, zamonaviy mahsulotlardan foydalanmagan holda faqat qo‘l mehnati orqali qayta hayot bag‘ishlash menga zavq beradi. Har bir matoni tiklashda asliga yaqin bo‘lgan xomashyodan foydalanilmoqda, – deydi Buxoro davlat muzeyi ilmiy xodimi Mastura Fayziyeva.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri