Mehnatidan qadr topgan faxriylar
Namanganda Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz bir yillik bayrami arafasida viloyat Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi tashabbusi bilan tantanali tadbir tashkil etildi. Unda yurtimizda keksalarni ijtimoiy muhofaza qilish, katta hayot tajribalarini yosh avlodga o‘rgatishdagi ibratli faoliyatlarini rag‘batlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilayotgani e’tirof etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 14 iyuldagi “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishonini ta’sis etish to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, turli sohalarda ko‘p yillar davomida halol va samarali mehnat qilgan nafaqa yoshidagi faxriylar munosib taqdirlandi. Ularning 25 nafari birinchi darajali, 23 nafari esa ikkinchi darajali “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni sohibiga aylandi.


– Yoshim 74 da, qirq yildan ziyod ta’lim sohasida mehnat qilganman, farzandlarimni ham ziyoli, elga nafi tegadigan insonlar qilib tarbiyaladim, – deydi Namangan shahridagi Zarkent mahallasida istiqomat qiluvchi Tojixon aya Inomova. – Pensionerman, uyda dam olishim kerak, deb jamiyatdan uzilib qolgan emasman. Mahalla ishida raisdan tortib, xotin-qizlar faoligacha o‘z maslahatlarim bilan ko‘maklashib turaman. Asosiysi, oilalarda sog‘lom muhitni qaror toptirish, qo‘ydi-chiqdi kabi mojarolarni bartaraf etish haqida ko‘p qayg‘uramiz. Yoshlarni vatanparvar insonlar etib tarbiyalash ishiga baholi qudrat hissa qo‘shayotgan keksalar qatoridan ekanimdan, “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanganimdan xursandman.


Bayram tadbirida Namangan viloyati hokimi, senator Shavkat Abdurazzoqov ishtirok etdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA