Mehnatidan qadr topayotganlar
Ayolini asragan el qudratli, onasini e’zozlagan farzandning tolei baland bo‘ladi, deyishadi. Yurtimiz ayollari davlatimiz va jamiyatimizning ardog‘ida, e’tiborida. Albatta, ular uchun barcha sharoit va imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Ayollarimiz esa bu e’tiborga o‘z mehnatlari bilan “labbay”, deb javob bermoqda.
“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati “Navoiy mashinasozlik zavodi” ishlab chiqarish birlashmasi temirchilik-presslash sexi temirchilik-presslash uchastkasi manipulyator, press va bolg‘a mashinisti Zulfiya Ahmedova ham o‘z mehnati bilan yurtimiz tаraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan xotin-qizlardan biri. U 38 yildirki turli sohalarda mehnat qilib, ishlagan joyida hurmat-e’tibor qozonib kelmoqda.
Z.Ahmedova 1968 yil 30 iyunda Navoiy shahrida oddiy ishchi oilasida tug‘ilgan. Otasi Rahmon bobo Boboqulov Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga qarashli Uy joy-kommunal boshqarmasida ko‘kalamzorlashtiruvchi, onasi Xadicha aya Astonova esa “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyati “Ximik” mehmonxonasida farrosh edi.

– Ota-onam oddiy insonlar edi. Biz besh farzandni halol luqma bilan boqib, garchi shaharda yashasakda mehnatsevar qilib tarbiyalaganlar, – deydi qahramonimiz. – Dastlab ish faoliyatimni 1985 yilda Navoiy paxta zavodi markaziy buxgalteriyasida boshlaganman. Oliy o‘quv yurtida o‘qiy olmaganligim sababli turli tashkilotlarda ishlashimga to‘g‘ri kelgan. Kezi kelsa shifoxonada “sanitarka” bo‘lib ham ishlaganman. 2001 yildan 2009 yilgacha esa “Navoiy mashinasozlik zavodi” ishlab chiqarish birlashmasida farrosh bo‘lib ishladim.
Xalqimizda “Mehnat kishini ulug‘laydi”, degan ibratli naql bor. Darhaqiqat, kishi qaysi kasbda ishlamasin, halol va vijdonan ishlasa, jamoasi, el-yurt orasida hurmat e’tibor qozonadi. Zulfiya opa 2009 yildan boshlab hozirgi kunga qadar “Navoiy mashinasozlik zavodi” ishlab chiqarish birlashmasi temirchilik-presslash sexi temirchilik-presslash uchastkasida manipulyator, press va bolg‘a mashinisti bo‘lib samarali mehnat qilib kelmoqda.
“Navoiy mashinasozlik zavodi” mamlakatimizdagi eng yirik mashinasozlik korxonalaridan biri bo‘lib, ayni paytda 3441 nafar ishchi va xodimlar mehnat qilib kelmoqda. Bugun “NMZ” brendi bilan ishlab chiqarilayotgan metall va yog‘ochga ishlov beruvchi dastgohlar, yirik avtomobillar uchun murakkab detallar va boshqa yuqori sifatli mahsulotlar nafaqat mamlakatimiz korxonalari, balki xorijiy davlatlarga ham yetkazib berilmoqda.
Temirchilik-presslash sexi “Navoiy mashinasozlik zavodi” ishlab chiqarish birlashmasining eng asosiy bo‘linmalaridan biri. Sex jamoasining asosiy vazifasi mahsulotlarni bolg‘alash va shtamplash, sexlarga yarim tayyor mahsulotlarni yetkazib berishdan iborat.
Z.Axmedova Temirchilik-presslash sexi jamoasi o‘rtasida katta obro‘-e’tiborga ega xodimlardan sanaladi. U mehnat faoliyati davomida ko‘pgina yoshlarga murabbiylik qilib, o‘zining boy tajribasini o‘rgatib kelmoqda.
– Zulfiya fidoyiligi, zimmasiga yuklatilgan vazifaga astoydil yondoshishi va yuqori kasbiy mahorati bilan hamkasblariga o‘rnak bo‘lib kelmoqda, – deydi “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ Ayollar kengashi raisi Sabohat Nazarova. – Birlashmada ishlash davrida u o‘zini ijobiy tomondan mehnatsevar, tashabbuskor, ishchan xodim sifatida ko‘rsatdi. U doimo kasb malakasini va mahoratini oshirgan holda ishlab chiqarish jarayonida samarali mehnat qilish bilan birga korxonada o‘tkaziladigan ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi ishlarning faol ishtirokchisidir.
Zulfiya Ahmedova birlashmada “Korxona-kollej” hamkorligi doirasida kasb-hunar kollejlari va maktablari o‘quvchilarining amaliyotiga rahbarlik qilib, ularning nazariy bilimlarini amaliyotda mustahkamlashga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Uning ko‘p yillik halol mehnati “Navoiy mashinasozlik zavodi” ishlab chiqarish birlashmasi rahbariyati tomonidan Faxriy yorliqlar bilan taqdirlangani buning isbotidir.
Bu yilgi 8 mart arafasida esa Prezidentimizning “8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan mukofotlash to‘g‘risida” gi farmoniga ko‘ra, “Navoiy mashinasozlik zavodi” ishlab chiqarish birlashmasi temirchilik-presslash sexi mashinisti Zulfiya Ahmedova “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlandi. Bu oddiy oilaning mehnatkash qiziga berilgan ulkan bahodir.
Abduvali Bo‘riyev,O‘zA