Mehnatdan e’tibor va rag‘bat topgan bog‘bon
Farg‘ona viloyati qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti sohasida mamlakatimizda katta salohiyatga ega. Viloyatda yetishtirilayotgan gilos, uzum, o‘rik, shaftoli, anor, xurmo, qovun kabi mahsulotlar jahon bozorida tobora xaridorgir bo‘layotgani sir emas. Joriy yilning 27-28 iyul kunlari Farg‘ona viloyatiga tashrif buyurgan Prezidentimiz Oltiariq tumanida uzumchilik sohasida erishilayotgan yutuqlarni yuksak e’tirof etib, tuman mirishkorlari tajribasini mamlakatimiz bo‘ylab ommalashtirish bo‘yicha amaliy tavsiyalarni berdi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 3 avgust kuni “2023-2026 yillarda uzumchilik va vinochilik sohasini yanada rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori qabul qilindi. Qarorga ko‘ra, 2023-2024 yillarda mamlakatimiz miqyosida 187 ming 614 gektar maydonda yangi uzumzorlar barpo qilinishi belgilandi. Shu tariqa respublikamizning 51 ta tuman va shahrida “Oltiariq tajribasi” asosida har biri 2-2,5 ming gektar yer maydonlarida uzum plantatsiyalari tashkil etiladi.

Ayni kunlarda Qishloq xo‘jaligi vazirligi tashabbusi bilan Oltiariq tumanida yurtimizning barcha hududlaridan kelgan tuman-shahar hokimliklarining qishloq xo‘jaligi sohasi mas’ullari, ilg‘or fermer va dehqon xo‘jaliklari rahbarlari ishtirokida amaliy seminarlar o‘tkazilmoqda.

Oltiariqlik Husanboy G‘ofurov xonadonida yetishtirilgan uzumlar yilning to‘rt faslida ham birdek tabiiy usulda saqlanadi. Mirishkor oila a’zolari uzumning yigirmadan ortiq xaridorgir, eksportbop navlarini yetishtirib, keyingi mavsumgacha sifatli saqlash orqali qo‘shimcha daromad manbaiga ega bo‘lmoqda. Bu oilaning uzumchilik borasidagi boy hayotiy tajribasi bilan tanishgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Shuhrat G‘aniyev, qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov vazirlik tomonidan ushbu oilaga ellik million so‘m pul mukofoti ajratdi.

– E’tibor va rag‘bat bizni yanada samarali mehnat qilishga undaydi, – deydi xonadon sohibi. – Yaqin istiqbolda mamlakatimizda uzumchilik tarmog‘ini rivojlantirish, shu bilan birga o‘z tajribamizni boshqa viloyatlarida ham tatbiq etishda astoydil ko‘maklashamiz.
M.Sulaymonov,
O‘zA