Mehnatdan baxt topgan dala zahmatkashlari
Fermer xoʻjaligi rahbari oʻzining gʻalladan boʻshagan 50 gektar yeriga toʻliq takroriy ekinlar (mosh, loviya) ekkan. Kuzgi hosildan umidi katta.
Mamlakatimizda ekin yerlaridan samarali foydalanish, fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qishloqda fuqarolarning bandligi va farovonligini oshirish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, ayrim hududlarda fermer, dehqon xoʻjaliklari mavsumiy ishlar holatini oʻrganish natijalari ushbu yoʻnalishdagi faoliyatni tashkil etishni yanada takomillashtirish boʻyicha aniq choralar koʻrish zarurligini koʻrsatmoqda. Jumladan, Toshkent viloyati Boʻka tumanida qishloq xoʻjaligi boʻyicha olib borilayotgan ishlarni koʻzdan kechirar ekanmiz “Hayitmirzo Oʻktam” fermer xoʻjaligi rahbari Oʻktam Hayitovning paxta dalasi eʼtiborimizni oʻziga tortdi.
Terim mavsumi oldidan fermer paxta dalasini defolyatsiya qilayotgani ustidan chiqdik. Jami 105 gektar yer maydonining 55 gektarida “Kelajak” navli chigit qadalgan boʻlib, bugungi kunda har bir gʻoʻzada 35-40 dona koʻsak va paxta chanogʻi oppoq ochilgan. Dala mirishkorlari paxta hosilini uyushqoqlik bilan yigʻib olish ishlariga tayyorgarlik koʻrmoqda. Ayni paytda bu yerda 12 nafar doimiy va 25 nafar mavsumiy ishchi mehnat qilmoqda. Bundan tashqari, yana 50 terimchini jalb etgan holda, oʻn-oʻn besh kunda hosilni nes-nobud qilmasdan yuqori sifatli qilib terish rejalashtirilgan.
Terimchilarga yaxshi sharoit yaratishga alohida eʼtibor qaratilgan. Bir kilogramm paxta uchun ming soʻmdan haq toʻlanishi boʻyicha aholi oʻrtasida fermer xoʻjaligi xodimlari tomonidan tushuntirish ishlari olib borildi.
Fermer xoʻjaligi rahbari oʻzining gʻalladan boʻshagan 50 gektar yeriga toʻliq takroriy ekinlar (mosh, loviya) ekkan. Kuzgi hosildan umidi katta.
Oʻ.Hayitov bilan suhbatlashganimizda 2018-yil paxta rejasini 92 foizga bajarib 30 sentnerdan hosil olganini taʼkidladi. Buning asosiy sababi yoz mavsumida suv va oʻgʻit tanqisligi, koʻsak qurtiga qarshi kurasha olmagan. Joriy yilda hosil choʻgʻi 110 foizdan kam boʻlmasligini, kamida 35 sentnerdan hosil olishni gʻurur bilan gapirdi.
U kabi sohada koʻp yillardan buyon chiniqqan, mehnatning ogʻir-yengilini koʻrgan insonlar saʼy-harakatlari barchamizni quvontiradi.
Vafo Latipov,
Oʻzbekiston fermer,
dehqon xoʻjaliklari va
tomorqa yer egalari kengashi
bosh mutaxxassisi.