Mehnat qilsang, rohatini ko‘rasan
Yerga mehr bergan kishidan ona zamin o‘z saxovatini ayamaydi. Xalq orasida ham “Mehnat qilsang, rohatini ko‘rasan”, degan ibora bejizga aytilmagan. Bugungi kunda yurtimizda 5,5 million nafardan ortiq tomorqa yer egalari 508 ming gektar yer maydonida dehqonchilik qilmoqda.
Ular yiliga ikki-uch marta, ayrim holatlarda esa to‘rt martagacha hosil olishga erishib, el dasturxoni to‘kinligini ta’minlamoqda. O‘zining tomorqasida mehnat qilib, rohatini ko‘rish insonga o‘zgacha zavq bag‘ishlaydi. Bugungi kunda tomorqasida mehnat qilib, natijada mo‘l hosil va daromad olayotgan zamondoshlarimiz oramizda ko‘pchilikni tashkil etadi.

Jizzax viloyatida ham xonadon egalari yerdan unumli foydalanishga harakat qilmoqda. Bunda esa tomorqa egalariga O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi mutaxassislari yaqindan ko‘mak beryapti. Xususan, Zarbdor tumanida 24 ta mahalla mavjud bo‘lib, aholi xonadonlaridagi yerlardan unumli foydalanish maqsadida oqova suv yetib bormaydigan mahalla va dehqon xo‘jaliklariga subsidiya orqali 4 ta katta hajmdagi artezian qudug‘i qazish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.
Misol uchun, hozir 1 dona quduq ishga tushirilgan bo‘lib, yana 3 tasi tayyor holatga keltirildi. Shuningdek, 15 mahallaga motokultivator, 10 ta kichik hajmdagi sovutgich omborxonasi hamda “Tomorqa xizmati” MCHJlar tashkil etildi.

– Mart oyida issiqxonada ekilgan ekinlardan olingan hosilni may oyida bozorga chiqarishni boshlaymiz, – deydi “Lalmikor” MFYda yashovchi O‘rozgul Ahmedova. – 15 sotix yerning 2 sotixida issiqxona tashkil etganmiz. Unda pomidor, bodring, bulg‘or qalampiri, qulupnay yetishtiramiz. Shu kunlarda har kuni ertalab 10 kg bodringni qo‘shnilar uchun uzib olsam, 10 kg bodring, 20 kg bulg‘or qalampiri, 20 kg pomidorni bozorga yetkazib beraman. Kechqurun yana shuncha mahsulotni terib olamiz. Shu tariqa kuniga 150-200 ming so‘m atrofida daromad olyapmiz.

Tuman miqyosida ham yerdan unumli va samarali foydalanish maqsadida keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. Hozir tumanda g‘alladan bo‘shagan 13 438 gektar yer maydoni mavjud bo‘lib, bugungi kunda 1 676 gektar yer maydoniga takroriy ekinlar ekildi. Jumladan, “Oqar” MFYdagi “Temurbek raduga” fermer xo‘jaligining g‘alladan bo‘shagan yer maydonining 20 gektari mahalladagi ishsiz yoshlarga 1 gektardan bo‘lib berildi. Ular ekkan qovunga hozir ishlov berilmoqda.
Nilufar Bozorova, O‘zA muxbiri