Mehnat qilgan kam boʻlmaydi...
Tomorqa – xazina. Tomorqaning turgan-bitgani boylik. Sizdan talab qilinadigani biroz hafsala va mehnat.
Prezident topshirigʻi – amalda
Tomorqa – xazina. Tomorqaning turgan-bitgani boylik. Sizdan talab qilinadigani biroz hafsala va mehnat.
Qashqadaryo viloyati prokurori rahbarligidagi 2-sektorga qarashli Nishon tumanida bu imkoniyatlardan unumli foydalanish, tomorqadan yuqori hosil va daromad olayotgan omilkor insonlar tajribasini ommalashtirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Masalan, shu saʼy-harakatlar samarasi oʻlaroq bugun Talimarjon shaharchasi tobora obod va fayziyob goʻshaga aylanayotir. Avvallari qarovsiz yotgan yerlar oʻrnida poliz va sabzavot paykallari, bogʻu rogʻlar bunyod boʻlmoqda. Shaharcha atrofidagi bir paytlar giyoh ham unmaydi deb hisoblanadigan 100 gektardan ortiq yerda bugun ertapishar qovun-tarvuz parvarishlanmoqda. Dehqonlarning aytishicha, plyonka ostidagi bu koʻchatlar hademay hosil beradi. Iyun oyining oʻrtalarida bozorga tilimi tilni yorgudek qovun-tarvuz chiqariladi. Shu joyning oʻzidan 2 ming tonnadan ziyod mahsulot yetishirish koʻzda tutilmoqda.
Talimarjonda yaqinda “Bioland xof agroeksport” qishloq xoʻjalik kooperativi tomonidan intensiv bogʻ barpo qilindi.
– Kooperativning afzalligi shundaki, u 100 nafardan ortiq ishsizlar va kam daromadli oilalar aʼzolari ulushdorligida tuzilgan, – deydi kooperativ raisi Gʻayrat Panjiyev. – Yaʼni ularning har biri uchun Bandlik jamgʻarmasidan kooperativga eng kam bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari miqdorida subsidiya ajratilgan. Natijada ishli boʻlgan bu fuqarolar bir paytlar chiqindixonaga aylangan 15 gektar yerga bugun 21 ming 500 dona pakana daraxt koʻchatlarini oʻtqazdi. Oʻrikning subhoniy, qilich, oq nuqul, shaftolining nektarin, nokning oʻrmon goʻzali, karmen, olmaning boyko, kremson va golden navli koʻchatlari qadaldi. Ular hosilga kirsa, mevalardan va daraxtlar orasiga ekilgan ekinlardan keladigan daromad ishchilarning roʻzgʻori but boʻlishiga xizmat qiladi.
Shaharcha atrofida qad rostlagan yuzdan ortiq ixchamgina, yengil konstruksiyali issiqxonalar hademay bu yerda istiqomat qiluvchi oilalarning daromad manbaiga aylanadi.
Ulardan biri Nortoji Islomovlar oilasiga tegishli. Oila aʼzolari issiqxonaga yaxshi niyat bilan pomidor nihollari qadashdi. Turmush oʻrtogʻi Zarifa Mirzayevaning aytishiga qaraganda, 2 sotix yerdan moʻmaygina foyda olishni koʻzlab turishibdi.
Tumanda tomorqasini gullatib qoʻygan, buning ortidan daromad topib, farovon yashayotgan kishilar koʻplab topiladi. Ularning xonadoniga kirsangiz, bu yerlarga bahor ancha erta kelganga oʻxshab tuyuladi. Atrofdagi yashillikdan bahri dilingiz ochiladi.
Masalan, tuman markazidagi Navbahor mahallasida yashovchi faxriy oʻqituvchi Zoya momo Atakulova xonadonida oʻsayotgan anjirlar barg chiqarmasidan burun hosil solganga mengzaydi. Chunki barglari endigina mugʻja urmoqdayu hosili danakdek kelib qolgan. Pakana nok daraxtining oppoq gullari koʻngilga huzur bagʻishlaydi
– 1,5 sotix yerda issiqxona tashkil qilib, pomidor, bodring, bulgʻor qalampiri kabi ekinlarni ekkanmiz, – deydi Zoya momoning oʻgʻli Xudoyberdi Atakulov. – Ular ham, tashqarida ekilgan ertaki kartoshka ham tomchilatib sugʻoriladi. Bilsangiz, ekinlarga eng avvalo mehr kerak. Shunda baravj rivojlanadi. Issiqxonada sokin musiqalar ogʻushida mehnat qilaman. Bu gʻayratimga gʻayrat qoʻshishdan tashqari, ekinlar rivoji uchun ham koni foyda.
Qora shahzoda, fikus, xitoy atirguli, kanar palmasi, aloe, geran...
Zoya momoning yon qoʻshnisi Murod Ivatov xonadonida shu kabi oʻnlab turdagi biri biridan goʻzal va jozibador gullar yetishtirilmoqda. Uning moʻjazgina gulxonasida bir donasi bozorda 100-150 ming soʻmdan sotiladigan noyob gullardan serob. Turmush oʻrtogʻi Halima Sherxonova bilan mana besh yildirki gul yetishtirishadi. Har yili minglab gul va gul qalamchalarini parvarishlab, sotuvga chiqarishadi. Daromad ham shunga yarasha.
Mahalladagi Bahodir Xudoynazarov xonadoni esa moʻjazgina majmuani eslatadi. Xonadonda parrandachilik yoʻlga qoʻyilgan. Yetti xazinaning biri deya eʼtirof etiladigan 100 bosh tovuqdan bir kunda yoʻq deganda 50-60 ta tuxum bor. Qolaversa, xonadondagi inkubatorga bir martada 1500 tagacha tuxum qoʻyiladi. Joʻjalar 19-21 kunda ochib chiqadi. Xonadon sohibi joʻjalarning bir qismini parvarishlash uchun olib qolib, qolganini pullaydi. Qolaversa, uch oycha ilgari xarid qilgan bir dona quyoni bugun 25 taga yetibdi. Ikki bosh qoʻyning yoniga 6 oyda yana besh bosh qoʻshilibdi.
– Bugun mehnat qilgan kam boʻlmaydi, – deydi B.Hudoynazarov. – Parrandachilik bilan shugʻullanish barobarida tomorqamizni ham boʻsh qoʻyganimiz yoʻq. Turmush oʻrtogʻim u yerda koʻchatchilik bilan shugʻullanadi. Har yili erta bahorda pomidor, qalampir, bulgʻor qalampiri, baqlajon koʻchatlarini yetishtirib sotamiz. Bularning hammasi roʻzgʻorga baraka boʻlib inadi.
Tumandagi Janub mashʼali mahallasida ham, xalqimiz taʼbiri bilan aytganda, yaxshilik yaxshilikdan ungan. Yaʼni bir qoʻshni ikkinchisidan ibrat olib, tomorqasidan unumli foydalanmoqda. Alisher Toʻychiyev issiqxonasida pomidor, bodring, papayya, banan yetishtirmoqda va yaxshigina foyda olayapti. Orzu-havasli qoʻshnilar ham unga ergashib, kam boʻlmayapti. Hamsoyasi Roʻziboy Toshev uch, uning oʻgʻli Oʻtkir Panjiyev esa olti sotix yerda issiqxona qurib, pomidor yetishtirishmoqda. Hademay, pishib yetilib, bozorga chiqariladi. Yana bir qoʻshnisi – Ulugʻbek Joʻrayev esa yaqinda koʻchib kelib, 6 sotix yerning hammasiga olma, bodom, xurmo, nok koʻchatlarini qadadi. 20 ga yaqin toki bor. Xonadon sohibi mittigina bogʻ barpo qilish niyatida. Orasiga roʻzgʻor uchun pomidor va bulgʻor qalampiri ekkan.
Nishonda bu kabi ilgʻor tomorqachilarning ishlari viloyat va tuman prokuraturasi xodimlari tomonidan keng targʻib qilinmoqda. Aholiga karantin qoidalariga amal qilgan holda oʻz tomorqasida bahorgi ekish ishlarini davom ettirishi lozimligi tushuntirilmoqda. Shunday qilinsa, bugungi sinovli kunlarda ham mavjud imkoniyatlardan unumli foydalangan holda moʻl hosil yetishtirish, bu orqali pandemiyaning iqtisodiyotimizga salbiy taʼsirini bir qadar yumshatish mumkin boʻladi.
Bugun nishonliklar ixtiyoridagi tomorqalar hajmi jami 2 ming 536 gektarni tashkil etadi. Bu bir yilda 41 ming 300 tonnaga yaqin mahsulot yetishtirish imkonini beradi. Bundan tashqari, tumanning meva-sabzavotu poliz mahsulotlari yetishtiradigan boshqa dehqonlari, fermerlari, kooperativ aʼzolari ham yeng shimarib ishga kirishishgan. Buncha mahsulot nafaqat tuman, balki qoʻshni hududlar bozorlarini ham bemalol yil boʻyi toʻldirib turadi va rejaga koʻra bir qismi eksportga yoʻnaltiriladi. Nishonlik dehqonlarning nishoni, maqsad-muddaosi shu.