Mehnat nizolariga ixtisoslashgan sudyalar: odil sudlov sifatini oshirishning yangi bosqichi
Mehnat munosabatlari insonning mehnat qilish huquqini ro‘yobga chiqaradigan eng muhim huquqiy munosabatlardan biridir. Har kuni minglab fuqarolar ishga qabul qilinadi, mehnat shartnomalari tuziladi, ularga o‘zgartirishlar kiritiladi yoki ular bekor qilinadi. Ushbu jarayonlarda xodim va ish beruvchi manfaatlari har doim ham bir-biriga mos kelavermaydi. Natijada ishga tiklash, noqonuniy ishdan bo‘shatish, ish haqi, kompensatsiya, intizomiy jazo yoki moddiy javobgarlik bilan bog‘liq mehnat nizolari yuzaga keladi.
Bunday vaziyatlarda fuqarolarning odil sudlovga bo‘lgan ishonchi, eng avvalo, sud qarorining qonuniyligi, xolisligi va sifatiga bog‘liq. Shu jihatdan Oliy sud Rayosatining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda mehnat nizolarini ko‘rishga ixtisoslashgan sudyalar korpusini shakllantirish to‘g‘risidagi qarori mehnat huquqi va sud-huquq tizimi rivojidagi muhim yangiliklardan biri bo‘ldi.
Mazkur qarorga muvofiq, 2026-yil 1-avgustdan boshlab fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarning mavjud shtat birliklari doirasida mehnat nizolarini ko‘rishga ixtisoslashgan sudyalar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Endilikda mazkur sanadan keyin sudlarga kelib tushadigan mehnat nizolari aynan shu yo‘nalishga ixtisoslashgan sudyalar o‘rtasida taqsimlanadi. 2026-yil 31-iyulgacha sud ish yurituviga qabul qilingan ishlar esa avvalgi tartib asosida ko‘rib chiqilib yakunlanadi.
Nima uchun aynan mehnat nizolari bo‘yicha sudlar ixtisoslashuvi zarur?
So‘nggi yillarda yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining kuchga kirishi, mehnat munosabatlarining zamonaviy shakllari kengayishi va xodimlar huquqlarini himoya qilish mexanizmlarining takomillashuvi natijasida mehnat huquqi tobora murakkablashib bormoqda. Bu esa mehnat nizolarini ko‘rib chiqishda nafaqat milliy qonunchilikni, balki xalqaro mehnat standartlari, Oliy sud Plenumining huquqni qo‘llash bo‘yicha tushuntirishlari va shakllangan sud amaliyotini chuqur bilishni talab qiladi.
Amaliyotda ayrim hollarda bir xil mazmundagi mehnat nizolari bo‘yicha turlicha sud qarorlari qabul qilingani kuzatilgan. Bunday holatlar huquqni bir xilda qo‘llash tamoyiliga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, fuqarolarda esa odil sudlovning izchilligiga nisbatan savollar tug‘dirishi mumkin.
Mehnat nizolarini ixtisoslashgan sudyalar tomonidan ko‘rib chiqish aynan mana shunday tafovutlarni kamaytirishga, sud amaliyotining yagona yondashuvini shakllantirishga hamda qarorlar sifatini oshirishga xizmat qiladi.
Islohotning mazmuni nimadan iborat?
Oliy sud Rayosati qaroriga ko‘ra, Oliy sudning Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida to‘rt nafar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarida uch nafardan, ayrim tumanlararo sudlarda esa ish hajmiga qarab bir yoki ikki nafardan ixtisoslashgan sudyalar faoliyat olib boradi.
Mazkur tizim sudlarni qayta tashkil etishni emas, balki mavjud sudyalar tarkibi doirasida mehnat nizolarini ko‘rishda ixtisoslashuvni kuchaytirishni nazarda tutadi. Bu esa qo‘shimcha tashkiliy xarajatlarsiz sudlov sifatini oshirish imkonini beradi.
Xodimlar uchun qanday imkoniyatlar yaratiladi?
Yangi tizim, avvalo, mehnat huquqlari buzilgan fuqarolarning manfaatlarini yanada samarali himoya qilishga xizmat qiladi. Mehnat huquqi bo‘yicha ixtisoslashgan sudya ushbu toifadagi nizolarni muntazam ko‘rib borishi natijasida qonunchilikni chuqurroq qo‘llaydi, dalillarni har tomonlama baholaydi. Natijada ishga tiklash, ish haqi undirish, majburiy progul uchun kompensatsiya yoki mehnat shartnomasini bekor qilish bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha qarorlarning sifati va asoslanganligi oshadi. Bu esa xodimlarning sud orqali buzilgan huquqlarini tiklash imkoniyatlarini yanada kuchaytiradi hamda odil sudlovga bo‘lgan ishonchni mustahkamlaydi.
Ish beruvchilar uchun ham huquqiy aniqlik
Ba’zan ixtisoslashuv faqat xodimlar manfaatiga xizmat qiladi, degan qarash uchraydi. Aslida esa ushbu islohot ish beruvchilar uchun ham muhim ahamiyatga ega. Sud amaliyotining izchil va barqaror shakllanishi ish beruvchilarga mehnat qonunchiligi talablarini aniqroq tushunish imkonini beradi. Natijada ishga qabul qilish, xodimni boshqa ishga o‘tkazish, intizomiy jazo qo‘llash yoki mehnat shartnomasini bekor qilishda yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan huquqiy xatolar kamayadi. Bu esa kelgusida mehnat nizolarining oldini olishga, korxonalarda huquqiy madaniyat va qonuniylikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Sud amaliyotining bir xilligi – adolat kafolati
Mazkur islohotning eng muhim natijalaridan biri sud amaliyotini bir xillashtirish imkoniyatidir. Bir xil huquqiy vaziyatlarda turlicha qarorlar chiqarilishi huquqiy aniqlik tamoyiliga zid hisoblanadi. Mehnat nizolariga ixtisoslashgan sudyalar faoliyati esa qonunchilikni yagona yondashuv asosida qo‘llash, qarorlarni chuqur huquqiy tahlil asosida qabul qilish hamda yuqori instansiyalar tomonidan sud qarorlarining bekor qilinish holatlarini kamaytirishga xizmat qiladi. Natijada mehnat huquqi sohasida barqaror va izchil sud amaliyoti shakllanadi.
Xorijiy tajriba nimani ko‘rsatmoqda?
Ko‘plab rivojlangan davlatlarda mehnat nizolarini ixtisoslashgan organlar yoki sudlar ko‘rib chiqadi. Masalan, Germaniyada mehnat sudlari alohida sud tizimi sifatida faoliyat yuritadi. Fransiyada mehnat nizolari maxsus mehnat tribunallari tomonidan ko‘rib chiqiladi. Buyuk Britaniyada esa Employment Tribunal tizimi xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi nizolarni hal etishga ixtisoslashgan. Ushbu davlatlar tajribasi mehnat nizolarini chuqur ixtisoslashgan sudyalar tomonidan ko‘rib chiqish qarorlar sifatini oshirish, ishlarni ko‘rib chiqishda yagona yondashuvni ta’minlash va fuqarolarning odil sudlovga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qilishini ko‘rsatmoqda.
Islohotdan qanday natijalar kutilmoqda?
Yangi tizim quyidagi ijobiy natijalarga erishishga xizmat qiladi:
– Mehnat nizolari bo‘yicha yagona sud amaliyoti shakllanadi;
– Sud qarorlarining sifati va asoslanganligi oshadi;
– Mehnat qonunchiligini qo‘llashda huquqiy aniqlik ta’minlanadi;
– Xodim va ish beruvchilarning huquq hamda qonuniy manfaatlari yanada ishonchli himoya qilinadi;
– Fuqarolarning sud hokimiyatiga bo‘lgan ishonchi mustahkamlanadi.
Mehnat huquqi insonning mehnat qilish huquqini ta’minlovchi eng muhim huquq tarmoqlaridan biridir. Shu sababli ushbu sohadagi har qanday islohot millionlab fuqarolar manfaatiga bevosita daxldordir.
Mehnat nizolariga ixtisoslashgan sudyalar faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi sud tizimidagi navbatdagi tashkiliy o‘zgarishdan ko‘ra kengroq mazmunga ega. U mehnat huquqlarini himoya qilish sifatini oshirish, sud amaliyotini izchil rivojlantirish va odil sudlovning samaradorligini kuchaytirishga qaratilgan muhim institutsional islohotdir.
Albatta, mazkur tizimning samaradorligi sudyalarni muntazam malaka oshirib borish, mehnat qonunchiligi va xalqaro standartlar bo‘yicha doimiy o‘qitish hamda Oliy sudning huquqni qo‘llash yuzasidan izchil tushuntirishlari bilan chambarchas bog‘liq.
Oliy sud Rayosatining mehnat nizolarini ko‘rishga ixtisoslashgan sudyalar korpusini shakllantirish haqidagi qarori mamlakatimizda mehnat huquqini rivojlantirish va odil sudlov sifatini oshirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir.
Mazkur islohot nafaqat xodimlarning buzilgan mehnat huquqlarini samarali himoya qilish, balki ish beruvchilar uchun ham huquqiy aniqlik va barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi. Eng muhimi, u mehnat nizolarini ko‘rib chiqishda professionallik, izchillik va adolat tamoyillarini mustahkamlash orqali mehnat huquqi sohasida yangi bosqichni boshlab berishi bilan ahamiyatlidir.
Aziza Ismoilova,
Toshkent davlat yuridik universiteti katta o‘qituvchisi,
yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD).