Mehnat insonni ulug‘laydi
15 oktyabr — Xalqaro qishloq ayollari kuni
bugungi qahramonimiz - Namangan viloyati Pop tumanida quruq dasht yerlarni obod etib, paxta va g‘allachilikda yuqori natijani ko‘rsatib kelayotgan Nigora Jo‘nasheva.
«Intizor Pop» fermer xo‘jaligi rahbari sentyabr oyi boshida o‘z oldiga qo‘ygan marrani zabt etib, 86 tonnalik paxta xirmonini yaratdi. Bu natija bilan u respublikada birinchilardan bo‘ldi. Kuni kecha fermer ayolning mehnat va shijoati Namangan shahrida o‘tkazilgan ilg‘or fermerlar yig‘inida viloyat rahbari tomonidan munosib e’tirof etildi.
[gallery-9139]
- Mehnat insonni ulug‘laydi. Xo‘jaligimizda 20 nafar ishchi bor. Ular uchun munosib sharoitlarni yaratib berganmiz. O‘zim ham mehnatdan qochmayman, traktor ham, boshqa texnikani ham boshqarib ketaveraman. Sug‘orish paytida egat boshida uxlab qolgan kunlarim ham bo‘ladi, - deydi fermer Nigora Jo‘nasheva.
Xo‘jalik tomonidan bu yil 25 gektar maydonda paxta, 42 gektar yerda g‘alla yetishtirildi. G‘alladan bo‘shagan yerlar Yangiyer va Marg‘izor mahallasi ahliga ikkinchi ekin uchun bo‘lib berildi. Shu kunlarda bu yerlardan dehqonchilik mahsulotlari yig‘ib-terib olinmoqda. Qahramonimiz N. Jo‘nasheva esa ular yonida kamarbasta.
Hotam MAMADALIEV(surat),O‘zA