Mehnat huquqlarini himoya qilish va odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha qanday natijalarga erishilmoqda?
Oliy Majlis Senatida Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha milliy komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Senat Raisi, Milliy komissiya raisi Tanzila Norboyeva boshqargan yig‘ilishda milliy komissiya, uning huzuridagi kichik komissiyalar hamda hududiy komissiyalarning joriy yil birinchi yarim yilligi davomida amalga oshirgan ishlari, erishilgan natijalar va mavjud muammolar muhokama qilindi.
Hisobot davrida munosib mehnatni ta’minlash, mehnat huquqlarini himoya qilish, odam savdosining oldini olish hamda xalqaro mehnat standartlarini milliy amaliyotga joriy etish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilgani qayd etildi.
Sohaga oid milliy qonunchilikni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish bo‘yicha islohotlar davom ettirildi. Xalqaro mehnat tashkilotining 87 va 98-sonli konvensiyalari talablariga muvofiq fuqarolarning mehnat huquqlari kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan qonun qabul qilindi.
Mehnat kodeksini takomillashtirish, kamsitish va shahvoniy shilqimlikning oldini olish, norasmiy bandlikni qisqartirish, mehnat muhofazasi hamda dual ta’limni rivojlantirishga qaratilgan qonun loyihalari ishlab chiqildi.
Odam savdosidan jabrlangan shaxslarni aniqlash, ularga kompleks ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish va jamiyatga integratsiya qilish tizimini takomillashtirishga ham alohida e’tibor qaratildi.

Mehnat qonunchiligiga rioya etilishini ta’minlash, majburiy va bolalar mehnatining oldini olish, xodimlar uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish, fermerlar huquqlarini himoya qilish hamda qishloq xo‘jaligida bozor mexanizmlarini keng joriy etish bo‘yicha tizimli choralar ko‘rildi.
Fermerlar huquqlarini himoya qilish, yer munosabatlarini takomillashtirish va paxta-to‘qimachilik klasterlari hamda fermerlar o‘rtasidagi hisob-kitoblarni tartibga solish bo‘yicha tizimli choralar ko‘rildi. Amalga oshirilgan ishlar natijasida fermer xo‘jaliklari foydasiga qarzdorliklar undirib berilishi ta’minlandi.
Ishlab chiqarish tarmoqlarida xalqaro mehnat va texnik standartlarni joriy etish ishlari ham faollashtirildi. Bugungi kunda 286 korxonada ISO, Oeko-Tex, Sedex, Better Work, BSCI, GOTS, BCI kabi xalqaro standartlar joriy etilgan.

Xalqaro hamkorlik doirasida joriy yilning 8-11-iyun kunlari Jeneva shahrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT)ning 114-sessiyasida O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirok etdi. Unda mamlakatimizda munosib mehnat tamoyillarini ta’minlash, majburiy mehnatni bartaraf etish va mehnat munosabatlarini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish borasidagi islohotlar taqdim etildi.
Majlisda sohadagi ayrim kamchiliklar tanqidiy muhokama qilinib, mas’ul vazirlik va idoralar hamda Toshkent shahri, Farg‘ona va Samarqand viloyati hududiy komissiyalari rahbarlarining hisobotlari eshitildi.
Yig‘ilish yakunida mehnat sohasida xalqaro standartlarni keng joriy etish, munosib mehnat tamoyillarini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar rejasi hamda XMTning “Alliance 8.7” tashabbusi doirasida O‘zbekistonning 2026-2029-yillarga mo‘ljallangan “yo‘l xaritasi” loyihalari ko‘rib chiqilib, ijroga qaratildi.
Belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, sohadagi ishlarni tizimli tashkil etish va mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.
N.Abduraimova, O‘zA