Mehnat, bunyodkorlik va yoshlar yutug‘i ulug‘landi
Mustaqillik — bu shunchaki sana emas, balki xalqning ozodligi, taraqqiyoti, orzu va maqsadlarini ro‘yobga chiqarishga xizmat qiluvchi buyuk qadriyatdir. Prezidentimiz rahbarligida Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar tufayli mamlakatimizda inson qadri, mehnatga hurmat va yoshlarga ishonch davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Bu ezgu g‘oyalar O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan yurtimizning barcha hududlarida o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda yanada yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Ana shunday ko‘tarinki ruhdagi bayram tadbirlaridan biri Buxoro viloyatining yangi ma’muriy markazi oldidagi muhtasham maydonda bo‘lib o‘tdi. “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan bosh g‘oya asosida tashkil etilgan ushbu tantana yurtga muhabbat, mehnatga ehtirom va kelajakka ishonch ruhini yanada mustahkamladi.
Tadbirda Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov barcha ishtirokchilarni mamlakatimiz davlat mustaqilligining 35 yilligi bilan samimiy tabriklab, tinch va farovon yurtda bayramlar bayramlarga ulanib kelayotgani xalqimiz hayotidagi eng katta boylik ekanini ta’kidladi.

Qayd etilganidek, yurtimizda yaratilayotgan keng imkoniyatlar va zamonaviy mehnat sharoitlari barcha sohalarda yuksak natijalarni ta’minlamoqda. Buning amaliy isboti sifatida Buxoro viloyati joriy yilda g‘alla yetishtirish bo‘yicha tarixiy natijaga erishdi. 65 ming gektar maydonda parvarishlangan bug‘doydan 600 ming tonnadan ziyod hosil olinib, davlatga don sotish rejasi ortig‘i bilan bajarildi. Eng muhimi, viloyat tarixida ilk bor har gektardan o‘rtacha 90–95 sentner hosildorlik qayd etildi. Bu esa dehqonlarning zahmatkashligi, agrar sohadagi zamonaviy yondashuvlar va davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlashning yorqin samarasidir.
Tadbirda Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar tufayli Buxoro viloyatining iqtisodiy salohiyati tobora yuksalib, aholi turmush darajasi izchil yaxshilanib borayotgani alohida ta’kidlandi.

Ayniqsa, yangi ma’muriy markaz atrofida amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari Buxoroning mutlaqo yangi qiyofasini shakllantirmoqda. Bugungi kunda 50 gektar maydonda zamonaviy turistik majmua, Yangi O‘zbekiston bog‘i, Yangi O‘zbekiston turar-joy kompleksi, Buxoro davlat universitetining yangi kampusi, 35 ming tomoshabinga mo‘ljallangan zamonaviy futbol stadioni hamda yangi xalqaro aeroport qurilishi jadal sur’atlarda davom etmoqda. E’tiborlisi, ushbu yirik loyihalarning aksariyati joriy yilning o‘zida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Bu nafaqat viloyatning shaharsozlik qiyofasini tubdan yangilaydi, balki minglab yangi ish o‘rinlari yaratilishiga, turizm va xizmatlar sohasining yanada rivojlanishiga xizmat qiladi.

Tadbirda mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotgan buxorolik yoshlarning yutuqlari ham katta g‘urur bilan e’tirof etildi. Jumladan, Buxoro shahridagi “Bukhara books” xususiy kitob do‘konlari tarmog‘i asoschisi Jahongir Bafoyev hamda vobkentlik fidoyi yosh Chinora G‘ulomova “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlangani alohida qayd etildi. Jismoniy imkoniyati cheklangan bo‘lishiga qaramay, uyda ta’lim olayotgan bolalar uchun “O‘qi va yuksal” loyihasini amalga oshirib kelayotgan Chinora G‘ulomovaning matonati barchaga ibrat sifatida e’tirof etildi. Shuningdek, 58-xalqaro kimyo olimpiadasi ilmiy qo‘mitasi a’zosi Daler Rahimov “Mard o‘g‘lon” davlat mukofotiga munosib ko‘rilgani ham yig‘ilganlar tomonidan katta mamnuniyat bilan qarshi olindi.

Buxorolik yosh kitobxonlar erishgan muvaffaqiyatlar ham bayramning eng quvonchli lahzalaridan biri bo‘ldi. Respublika bosqichida o‘tkazilgan “Yosh kitobxon” tanlovida Farzona Nosirova 10–14 yosh toifasida mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritib, Prezident sovg‘asi — BYD Chazor elektromobili sohibasiga aylandi. 15–19 yosh toifasida esa Mohinur Hoshimova munosib ishtirok etib, uchinchi o‘rin va 50 million so‘mlik pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Tantana davomida Chinora G‘ulomovaga Buxoro davlat universitetiga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinganligi to‘g‘risidagi sertifikat hamda qimmatbaho sovg‘alar topshirildi. Bu esa davlatimiz tomonidan bilimli, tashabbuskor va intilishdan to‘xtamaydigan yoshlarga berilayotgan yuksak e’tiborning yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi.
Bayram kechasi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Yulduz Turdiyevaning jonli ijrodagi konsert dasturi bilan yanada fayzli va ko‘tarinki ruhda davom etdi. Musiqa, qo‘shiq va milliy qadriyatlar uyg‘unlashgan ushbu konsert yuzlab ishtirokchilarga unutilmas taassurot bag‘ishladi.

Buxoroda o‘tkazilgan ushbu tantana mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan oddiy bayram emas, balki Yangi O‘zbekistonning bugungi taraqqiyoti, xalqimiz mehnatsevarligi, yoshlarimiz salohiyati va ertangi kunga bo‘lgan mustahkam ishonchining yorqin namoyishi bo‘ldi. Bunyodkorlik, ilm-fan, kitobxonlik, mehnat va vatanparvarlik birlashgan ushbu tadbir har bir ishtirokchi qalbida yurt bilan faxrlanish tuyg‘usini yanada mustahkamlab, “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan ezgu g‘oyaning hayotiy ahamiyatini yana bir bor namoyon etdi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri