MDH o‘yinlari: Vatanni ulug‘layotgan yoshlar
Kecha, 5 sentyabr kuni Tatariston poytaxtida bo‘lib o‘tgan 1-MDH musobaqalari yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston bayrog‘i 36 marta ko‘tarildi.
Bugungacha ushbu turnirning erkin va yunon-rum kurashi, boks, belbog‘li kurash musobaqalarining g‘olib va sovrindorlari aniqlandi. Yakshanba kungi boks va belbog‘li kurash bahslarining natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston sport delegatsiyasi 14 tadan oltin va kumush, 8 bronza medallariga egalik qilgan holda 9 davlat o‘rtasida 7 pag‘onadan 2-o‘ringa ko‘tarilib oldi.
Belbog‘li kurash bellashuvlarida mamlakatimiz sportchilari 7 oltin, 3 kumush va bitta bronza bilan umumjamoa hisobida 1-o‘rinni egalladi.
Belbog‘li kurash bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi murabbiyi Usmon Maxamatovning bildirishicha, MDH o‘yinlarida 8 nafar o‘g‘il va 5 nafar qiz bola sportchilarimiz o‘z vaznlarida g‘oliblik uchun kurash olib borgan. Shiddatli kurashlar yakunida belbog‘li kurashchilarimiz sport maydonidagi azaliy raqiblari bo‘lgan Rossiya va qozog‘istonlik tengdoshlarini katta farq bilan ortda qoldirdi. Rossiyalik kurashchilar 4 oltin, 1 kumush va 6 bronza medali bilan vakillarimizdan keyingi o‘rinni olgan bo‘lsa, qozog‘istonlik yosh kurashchilar 2 oltin, 5 kumush va 3 bronza bilan umumjamoada 3-o‘rinni egalladi.

Belbog‘li kurash musobaqalarida shuningdek, Qirg‘iziston, Tojikiston va Ozarbayjon sportchilari medallarga sazovor bo‘lishdi. Maldova, Belarus, Armaniston sportchilari esa birorta ham sovrinli o‘rinni egallay olmadi.
- Ushbu musobaqaga ikki yil mobaynida tayyorlandik. O‘tgan yilgi karantin sababli tarkibimizda jiddiy o‘zgarishlar bo‘ldi. Bir qator ishongan sportchilarimiz yoshi 23 yoshdan oshganligi sababli ularning o‘rnini yoshlar egalladi. Muhimi, yoshlar ishonchimizni oqladi. Mashg‘ulotlarni taktik va texnik jihatdan to‘g‘ri olib borganligimiz samara berdi. Kurash maydonlaridagi doimiy raqibimiz – rossiyalik kurashchilarni o‘z maydonida mag‘lub eta oldik. Shogirdlarimizdan Oybek Sultonov, Kamronbek Muhammadiyev, Oybekjon Sultonboyev, Muhammadjon Rasulov, Farangiz Abdunabiyeva, Muftunabonu Mahmudova, Mohigul Ibragimova, Biybigauxar Polatbayeva, Zemfira Nosirova va Munisaxon Nosirovaning oltin medalni qo‘lga kiritishi sharafiga O‘zbekiston madhiyasi 1-MDH o‘yinlarida yangrashi o‘ziga xos voqelik bo‘ldi. Bu birinchidan, sportchilarimizga katta ruhiy quvvat bag‘ishlagan bo‘lsa, ikkinchidan, Vatanimiz nomi belbog‘li kurash musobaqalari tufayli 11 marta ulug‘landi, - deydi biz bilan telefon orqali muloqotda belbog‘li kurash bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi Usmon Maxamatov.
Barchaning diqqat markazida bo‘lgan boks musobaqalari kutilganidek minglab ishqibozlar guvohligida o‘tkazildi. Rossiyadagi internet manbalarining ma’lumotlariga ko‘ra, MDH o‘yinlarining chiptalari ham aynan boks musobaqalarida eng ko‘p sotilgan. Bundan tashqari, Rossiya va xorijiy mamlakatlardagi internet nashrlari o‘z sahifalaridan Qozon ringidagi voqea-hodisalarga keng joy ajratgan.
Avval xabar berganimizdek, Qozon o‘yinlari boks bahslarining o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi final janglarida 7 nafar, qizlarimizdan 9 nafari oltin medallar uchun kurash olib bordi. So‘nggi natijalarga ko‘ra, bokschi yigitlarimiz 4 oltin, 3 kumush va 2 bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Qizlarimiz 3 oltin, 6 kumush, 2 bronza, jami 7 oltin, 9 kumush hamda 4 bronza bilan umumjamoa hisobida Rossiyadan keyin 2-o‘ringa ko‘tarilib oldi. 3-o‘rin qozog‘istonlik yosh bokschilarga nasib etdi.

Bugun, 6 sentyabr kuni MDH o‘yinlarining kurash, o‘q otish va basketbol (3x3) bahslarida g‘olib va sovrindorlar aniqlansa, muay-tay va stentdan o‘q otish sport turlarida saralash musobaqalari o‘tkaziladi.
Hozircha 1-MDH o‘yinlarida 40 ta oltin medal bilan rossiyalik sportchilar umumjamoa jadvalini boshqarib bormoqda. Umumiy hisobda O‘zbekiston yoshlari 2-o‘rin, qozog‘istonliklar 3-o‘rindan joy olgan.
Bugun o‘tkaziladigan bahslarda mamlakatimizning yosh sportchilariga omad yor bo‘lishini tilaymiz. Istagimiz, ularning g‘alabalari sharafiga jahon sport maydonlarida O‘zbekiston bayrog‘i sarbaland bo‘lib, madhiyamiz yangrayversin.
T. Ro‘ziyev, O‘zA