Mbappeni o‘g‘irlash rejasi fosh etildi
Le Parisien xabariga ko‘ra, gumondor jinoiy guruhning ehtimoliy tashkilotchilaridan biri bo‘lgan.
Fransiyada «Real Madrid» hujumchisi Kilian Mbappeni nishonga olgan jinoiy guruh faoliyati fosh etildi. 18 yoshli yigit futbolchini o‘g‘irlash va unga hujum qilish rejasini tuzishda gumonlanib, hibsga olingan.
Le Parisien xabariga ko‘ra, gumondor jinoiy guruhning ehtimoliy tashkilotchilaridan biri bo‘lgan. Tergov davomida uning telefonidan futbolchilar, xonandalar va boshqa taniqli shaxslarga tegishli 26 ta manzil aniqlangan. Ularning ayrimlari kelgusidagi hujumlar uchun nishon sifatida belgilangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, guruh Mbappeni boyligi sababli alohida nishon sifatida ko‘rgan. Jinoyatchilar futbolchini Parijga kelgan paytida o‘g‘irlash yoki unga hujum qilishni rejalashtirgan.
Gumondor ilgari ham huquq-tartibot idoralari e’tiboriga tushgan. U boshqa jinoyatlar bo‘yicha qamoqda bo‘lgan va yangi ish doirasida ham izolyatsiya qilingan. Tergovchilar jinoiy guruhning boshqa a’zolarini ham aniqlash ustida ishlamoqda.
Kilian Mbappe 2024-yil yozidan buyon «Real Madrid» safida to‘p surmoqda. Fransiyalik futbolchi avval «Monako» akademiyasida tarbiyalangan, 2017–2024-yillarda esa «PSJ» sharafini himoya qilgan.