Mazutdan butunlay voz kechishning imkoni bormi?
Sovuq kunlar boshlanishi bilan aholining issiqlik va energiyaga bo‘lgan talabi orta boshlaydi. Natijada kuz-qish mavsumida aholiga markazlashgan issiqlik yetkazib berish uchun mavjud issiqlik markazlari tomonidan qo‘shimcha yoqilg‘i sifatida mazutdan foydalanish boshlanadi. Mazut yoqilishi ortidan atmosferaga zararli tashlanmalar keskin ortadi va havo ifloslanadi.
Soha vakillarining ta’kidlashicha, Toshkent shahri atrofidagi issiqxonalarda asosan ko‘mir, mazutdan keng foydalaniladi. Shamol ulardan chiqayotgan zaharli havoni shahar ichiga qarab haydaydi. Bundan tashqari, shahar ichidagi xonadonlarda ham issiqxonalar bor. Bu esa poytaxt havosining yanayam ifloslanishiga sabab bo‘lmoqda. Statistikaga ko‘ra, mazutdan foydalanish natijasida atmosferaga bir yilda 15,7 ming tonna ifloslantiruvchi moddalar tashlangan.
Xo‘sh, mazutdan butunlay voz kechishning imkoni bormi?
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, so‘nggi yillarda respublikamizda kuz-qish mavsumida isitish markazlarida mazutdan foydalanish tufayli havo sifati keskin yomonlashgani kuzatilgan.

Jumladan, “Toshkent issiqlik markazi” MCHJning Toshkent shahridagi 6 ta filialining 9 ta manbasida zaxira yoqilg‘i sifatida mazutdan foydalaniladi. “Toshkent IES” AJda 2022–2023-yillarda mazutdan foydalanish deyarli 2,5 barobarga ortgan, mazkur korxonaning 4 ta ustuvor manbalarida 2023 yilda 268,6 ming tonnadan ortiq mazut yoqilishi natijasida atmosfera havosiga ushbu yil davomida 15,7 ming tonna ifloslantiruvchi moddalar tashlangan.
Bu korxonalarning hech birida chang-gaz tozalash uskunalari o‘rnatilmagan. Ishlab chiqarish korxonalari, avtomobillar sonining ortishi hamda mazut yoqilg‘isidan foydalanish natijasida Toshkent shahrida atmosfera havosining ifloslanish darajasi ortib, poytaxt xalqaro IQAir platformasi ma’lumotlariga asosan dunyoning eng ifloslangan shaharlari reytingida yuqori o‘rinlarni egalladi hamda aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
Mazut yoqilmasa, ehtiyojlar qanday qoplanadi?
Mutaxassislar tabiiy resurslarni, ekologiyani va aholi salomatligini asrash uchun eng maqbul yechim – “yashil” energetika ekanini ta’kidlab o‘tgan. Qayd etilishicha, bugungi kunda ishlab chiqariladigan elektr energiyasining 25-30 foizgacha qismi “yashil” stansiyalar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Joriy yil yakuniga qadar barcha hududlarda issiqlik va elektr energiyasi ishlab chiqarish korxonalarida yoqilg‘i sifatida mazutdan foydalanishni taqiqlash taklif qilinmoqda. Bu taklif keng jamoatchilik vakillari, ekofaollar, ijtimoiy tarmoq faollarining taklif va mulohazalari asosida tayyorlangan va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni loyihasida muhokamaga qo‘yilgan.
Loyihaga ko‘ra, 2025 yil yakuniga qadar respublikaning barcha hududlarida joylashgan issiqlik va elektr energiyasi ishlab chiqarish korxonalarida yoqilg‘i sifatida mazutdan foydalanish taqiqlanadi (Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda avariyaviy yoqilg‘i sifatida foydalanish holatlari bundan mustasno). Shuningdek, atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalar tashlanishini kamaytirish maqsadida “Toshkent issiqlik markazi” MCHJ 2025 yil yakuniga qadar barcha atmosfera havosini ifloslantiruvchi manbalarini o‘z mablag‘lari hisobidan to‘liq chang-gaz tozalash uskunalari bilan jihozlaydi. Bundan tashqari, joriy yil yakuniga qadar issiqlik markazlari va IESlarda mazutdan foydalanish qat’iyan taqiqlanadi va kuz-qish mavsumida issiqlik markazlarini tabiiy gaz bilan to‘liq ta’minlash choralari ko‘riladi.
Atmosferaga foydasi
Mazutdan foydalanishni taqiqlash natijasida atmosferaga tashlanayotgan zararli moddalar miqdori kamayadi hamda atmosfera havosi sifati yaxshilanadi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA